O‘zbekiston | 15:53 / 21.11.2018
15747
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari qanchaga tushadi?

Foto: UzA

Prezidentning «Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini tubdan kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda, deb yozadi Norma.

Yuridik shaxslar to‘g‘risidagi qanday axborot oshkor etiladi

Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish avtomatlashtirilgan tizimi orqali barcha foydalanishi uchun ochiq bo‘lgan quyidagi ma'lumotlarni taqdim etish rejalashtirilmoqda:

• firma nomi;

• soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;

• ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanasi;

• tashkiliy-huquqiy shakli;

• manzili (joylashgan joyi);

• direktori va muassislari (ulushlarini ko‘rsatgan holda);

• hisobot davridagi moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalari.

Axborotni taqdim etish tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi. Ma'lumotlar pullik va bepul asosda taqdim etilishi ma'lum.

Ayni paytda mazkur mexanizm quyidagicha amalga oshiriladi. Davlat xizmatlari markazlari yuqorida ko‘rsatilgan tizim orqali Tadbirkorlik sub'yektlarining yagona davlat reyestrini yuritadilar. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘g‘risidagi axborotni ko‘chirma ko‘rinishida taqdim etadilar. Uning qiymati o‘zi kelib rasmiylashtirganda 1 EKIHni, internet orqali esa 0,5 EKIHni tashkil etadi. Davlat organlari, MB, SSP va tadbirkorlik sub'yektiga uning o‘zi haqidagi ko‘chirma bepul taqdim etiladi.

Chet el fuqarolari masofadan turib hisobvaraq ochishlari mumkin

Bugungi kunda chet el fuqarolari yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish va O‘zbekiston hududida bank hisobvaraqlarini ochish chog‘ida quyidagi hujjatlarga amal qiladilar:

• Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

• O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnoma.

Shuni qayd etish lozimki, ikkala hujjatda yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan harakatlarni (ro‘yxatdan o‘tkazish, hisobvaraq ochish) onlayn rejimda amalga oshirish imkoniyati nazarda tutilgan. Biroq faqat rezident jismoniy shaxslar masofadan turib bank hisobvarag‘i ochishlari mumkin. Keyingi yil iyun oyidan boshlab chet el fuqarolariga ham ana shunday imkoniyatni berish rejalashtirilmoqda. Ushbu funksiyani Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish avtomatlashtirilgan tizimiga kiritmoqchilar.

Davlat xizmatlari qanchaga tushadi

2019 yil 1 iyundan boshlab Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari uchun undiriladigan yig‘imlarning eng quyi chegarasini EKIH ning kamida 5%i etib belgilash rejalashtirilmoqda. Aniq miqdorlar normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatiladi. Ayni paytda u yoki bu davlat xizmatining eng kam «qiymati» qayd etilmagan, faqat uning pullik / bepul ekani ko‘rsatilgan.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid