O‘zbekiston | 16:08 / 21.11.2018
15596
3 daqiqa o‘qiladi

OTMK respublika bo‘yicha atmosfera havosini ifloslantiruvchi eng yirik korxona ​

Foto: agmk.uz

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, turg‘un ifloslantiruvchi tashlamalar manbalari orasida neft-gaz qazib oluvchi va qayta ishlovchi korxonalar birinchi o‘rinni egallab, umumiy sanoat tashlamalarining 46 foizidan ortig‘i uning ulushiga to‘g‘ri keladi. Bular asosan (44 foiz)​ uglevodorodlar bo‘lib, ikkinchi o‘rinda elektroenergetika (20,7 foiz)​ sohasiga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning 21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi «​SovPlim»​ qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda «​Atmosfera havosiga sanoat korxonalaridan tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalardan tozalashning ilg‘or tizimlari»​ mavzusida seminar o‘tkazishdi.

Ma'lum qilinishicha, atmosfera havosiga turg‘un manbalardan tashlanadigan barcha ifloslantiruvchi tashlamalarning 17 foizi metallurgiya sanoatiga to‘g‘ri kelib, Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati respublika bo‘yicha atmosfera havosini ifloslantiruvchi (15,3 foiz)​ eng yirik korxona hisoblanadi.

Seminarda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining Havoning katta masofalarga transchegaraviy ifloslanishi to‘g‘risidagi Konventsiyaga qo‘shilishi jarayonlarini jadallashtirishning, o‘z navbatida mazkur BMT komissiyasiga a'zo mamlakatlar mintaqasida atmosfera havosini muhofaza qilish ishlarida O‘zbekiston Respublikasining faol ishtirokining muhimligi to‘g‘risida ta'kidlab o‘tildi.

Shu bilan birga muammoli masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi, xususan, O‘zbekistonda qariyb 5 ming dona chang-gaz ushlab qoluvchi qurilmalarning ishdan chiqqanligi, ularning zamonaviy talablarga javob bermasligi sababli past samara (69,4 foiz) ​bilan ishlab kelishi aytildi. Ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining turg‘un manbalari eskirgan usullar yordamida nazorat qilinadi. Ta'kidlanishicha, nazorat ishi asosan namunalarni olish va tahlil qilishdan iborat. 

Bundan tashqari, ifloslantiruvchi moddalar tashlamalari manbalarida texnologik jarayonlarni nazorat qilish hamda yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan nazorat tizimi sust joriy etilmoqda.

Yuqorida bayon etilgan sohadagi ayrim masalalarni hal etishda qo‘shma korxonalar taklif etayotgan yechimlarni ko‘rib chiqish muhimligi ta'kidlandi. Negaki, ishlab chiqaruvchi korxonalar ventelyatsiya, havoni tozalash, aspiratsiya va changlarni yo‘qotish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda uni nazorat qilish tizimlari uchun ilg‘or texnologiyalarni taqdim etishi mumkin.

Mavzuga oid