Jahon | 11:33 / 21.11.2018
38388
3 daqiqa o‘qiladi

Suriyada xizmat qilgan rossiyalik general sudga tortiladi

Foto: RIA Novosti

Suriyadagi mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarni yarashish bo‘yicha Rossiya markazi sobiq rahbari, general-leytenant Sergey Chvarkov olti million rublni talon-taroj qilganlikda ayblanmoqda. Bu haqda «Kommersant'» xabar berdi.

Bu holat Rossiya Bosh shtabi Harbiy akademiyasi va «Rossiya asosiy axborot texnologiyalari» (RosAAT) ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi o‘rtasida tuzilgan davlat shartnomasini bajarish paytida yuz bergan. Nashr manbasining aytishicha, gap 400 million rubl miqdorida maxsus texnik xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha yopiq kelishuv haqida ketmoqda. Harbiy akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimini egallab turgan Chvarkov ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasiga shartnoma ustida ishlash uchun qator xodimlarni jo‘natgan. Uch yil mobaynida RosAAT ularga ish haqi sifatida olti million rubl to‘lagan, biroq, tergov fikricha, ishchilar aslida «o‘lik jonlar» bo‘lgan hamda bu pullarning hammasi Chvarkovning cho‘ntagiga tushgan.

General himoyasining bildirishicha, uning talon-tarojliklarga aloqador ekaniga oid hech qanday bevosita dalillar yo‘q, tergov esa faqat «bir necha guvohlarning noaniq ko‘rsatmalariga» asoslangan. Advokat tasdiqlashicha, Chvarkov akademiyaning davlat shartnomalari masalalari bo‘yicha tijorat tuzilmalari bilan munosabatlariga mas'ul bo‘lgan, ammo ularning moliyaviy jihatiga bog‘liq emasdi.

2018 yilning aprelida shaxsi aniqlanmagan noma'lum kishilarga nisbatan katta miqyosdagi firibgarlik holati bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Avvalroq general-leytenant Chvarkov unda guvoh sifatida qatnashgan. Kecha unga ayblov qo‘yildi, u ishdagi birinchi gumonlanuvchiga aylandi. Chvarkov uy qamog‘ida bo‘lib turibdi, unga ertalab va kechqurun kuniga uch soatdan sayr qilishga ruxsat berilgan.

Chvarkov 2016 yil may oyidan oktabr oyiga qadar Suriyadagi mojaroda qatnashayotgan tomonlarni yarashtirish bo‘yicha Markazni boshqargan. U gumanitar konvoylarning o‘tishini ta'minlagan hamda muxolifat bilan muzokaralar olib borgan. Suriya kampaniyasida qatnashgani uchun Chvarkov «Harbiy xizmatlari uchun» ordeni, idora medali va general-leytenant unvonini olgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid