14:55 / 21.11.2018
12679

Toshkent viloyati bo‘ylab oilaviy mehmon uylari tashkil etilmoqda

Foto: Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent viloyatining Chirchiq shahri, O‘rta Chirchiq va Parkent tumanlarida yettita oilaviy mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

“Viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan joylarda mazkur hujjatning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida tadbirkorlik sub'yektlari va aholi o‘rtasida tizimli ravishda tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Angren shahrida shu mavzuda o‘tkazilgan muloqotda viloyat va shahar hokimligi mas'ullari, turizmni rivojlantirish departamenti xodimlari, viloyat markaziy bank, soliq boshqarmalari boshliqlari ishtirok etib, aholiga oilaviy mehmon uylari faoliyatining afzalliklari yuzasidan ma'lumot berdi. Hududlarda o‘tkazilayotgan bunday uchrashuvlarda fuqarolardan ham ko‘plab takliflar tushmoqda”, - deydi Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti bo‘limi boshlig‘i Ma'ruf Barakayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi xonadonlarida oilaviy mehmon uyini tashkil etish va qishloqqa kelgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish orqali ziyoratgoh, tabiatning so‘lim go‘shalariga sayrlar tashkil etiladi.

“Sayyohlarning hududda qolish muddatini uzaytirish maqsadida milliy urf-odatlar va turli marosimlar o‘tkazish, hunarmandchilik savdosini yo‘lga qo‘yish, milliy taomlar tayyorlash jarayonini namoyish etish kabi xizmatlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, turistik obektlarda Wi-Fi zonasini tashkil etish, mobil aloqa sifatini oshirish yuzasidan zarur choralar ham ko‘riladi. Muhimi, mazkur sa'y-harakatlar tufayli mahalliy aholi bandligi ta'minlanib, daromadi oshadi”, - deydi mutaxassis. 

Kelgusida oilaviy mehmon uylarining asosiy qismi Bo‘stonliq tumanida ro‘yxatdan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Sababi ushbu tuman o‘z tabiati bilan nafaqat xorijiy turistlar, balki mahalliy sayyohlarni ham o‘ziga jalb qiladi. Umuman olganda, ekstremal sport turlari, ekologik va ziyorat turizmini rivojlantirish uchun Toshkent viloyatining tabiiy sharoiti hamda imkoniyatlari mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda. Hududning yuqori ekoturizm salohiyati, ulkan tog‘ tizmalari, noyob hayvonot va nabotot dunyosi, qulay iqlimi bilan ajralib turishi bunga yorqin misoldir. 

Ma'lumot uchun: Oilaviy mehmon uyini tashkil etish uchun tegishli turar joyga ega bo‘lgan shaxs oilaviy mehmon uylarini ro‘yxatga olish va uning yagona reyestriga kirish uchun ariza berishi kerak. Mazkur reyestr Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan yuritiladi. Oilaviy mehmon uyi – mazkur mehmon uyida uy egasining oila a'zolari bilan birga yashash tamoyili bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchiga yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy uy-joydir. Oilaviy mehmon uylari yagona reyestriga kiritilgan tadbirkorlar buyurtmalariga binoan eng kam ish haqining 300 barobarigacha miqdorda, besh yil muddatga, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratilishi mumkin. Reyestr elektron shaklda yuritilib, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Mavzuga oid
Top