Jahon | 11:50 / 22.11.2018
33380
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Afg‘on urushi yakunlarini qayta baholashga qaror qildi

Foto: Lulishov Solomon / RIA Novosti

Rossiya Afg‘on urushidagi voqealarga salbiy baho berilganini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi deputati Nikolay Xaritonov Davlat dumasiga taqdim etgan qaror loyihasida tegishli taklif bor, deb xabar qilmoqda «Interfaks».

Hujjat tasdiqlandi, uni 2019 yil 15 fevralda qabul qilish rejalashtirilmoqda.

«1989 yil dekabr oyida, Afg‘onistonga sovet qo‘shinlari kiritilganining o‘n yilligi arafasida, SSSR Xalq deputatlari qurultoyi Mixail Sergeyevich Gorbachyov imzolagan qarorni qabul qildi. Bu, mening fikrimcha, noto‘g‘ri tushunchalar bilan yuz bergan», - deya ma'lum qildi Xaritonov Afg‘onistondan sovet qo‘shinlari olib chiqib ketilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan parlament eshituvlarida. 

Uning eslatishicha, o‘sha qarorda 1979 yilda qabul qilingan, sovet qo‘shinlarini Afg‘onistonga kiritish haqidagi qaror «axloqiy va siyosiy jihatdan qoralashga loyiq» ekani aytilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Davlat dumasi o‘sha voqealarga bunday salbiy baho berilganini «tarixiy adolat tamoyillariga mos kelmaydi», deb tan olishi zarur.

«Ushbu masala bo‘yicha biz, birinchi navbatda, siyosiy betaraflik, tarixiy haqiqatni hisobga olgan holda, axloqiy va siyosiy ayblovni noqonuniy hamda o‘z kuchini yo‘qotgan, deb tan olishimiz kerak», - deya ta'kidlab o‘tdi Xaritonov. Uning qayd etishicha, Afg‘onistonga qo‘shinlar kiritish haqidagi qaror «xalqaro huquq normalariga to‘la muvofiq» va «Afg‘oniston rahbariyatining o‘sha paytda mojaroga bevosita sovetlar aralashuvi to‘g‘risida yuborgan so‘rovlarini hisobga olgan holda» qabul qilingan.

Bundan tashqari, eshituvlar chog‘ida MDH davlatlari Hukumat rahbarlari kengashi huzuridagi internatsionalist-harbiylar ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Aleksandr Kovalyov Rostov gospitalida saqlanayotgan hamda hamon noma'lum bo‘lib turgan 30 nafar sovet harbiy xizmatchisi jasad qoldiqlarini identifikatsiya qilishga chaqirdi. «Keling, shu 30 kishi uchun, hech bo‘lmaganda qo‘shinlar olib chiqilganining 30 yilligi arafasida, ular shaxsini aniqlash uchun qandaydir pullarni topaylik. Bu sharmandalik, amerikaliklar bu jasad qoldiqlari shaxsini aniqlash uchun qo‘shma komissiya doirasida pul berishga tayyor», - deya ma'lum qildi u.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, sovet qo‘shinlarining Afg‘oniston hududida 10 yil davomida bo‘lishida SSSRning 15 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan. 53 mingdan ortiq kishi jarohatlandi, natijada ularning 10 mingdan ortig‘i nogiron bo‘lib qoldi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bloger SSSRning afg‘on urushidagi jinoyatlari haqida gapirib bergandi.

Mavzuga oid