Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bog‘chalar faoliyatini tekshirish ishlari tartibga solinadi (batafsil)
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, uning talablari:
a) Quyidagi davlat organlari va tashkilotlari:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari va xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari deputatlari;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi;
O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari;
ommaviy axborot vositalari (jurnalistik tekshiruv bo‘yicha);
tasarrufida umumta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy bo‘linmalari (o‘z bo‘ysunuvidagi umumta'lim muassasalarini tekshirishlari bo‘yicha) faoliyati doirasida;
b) O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni doirasida;
v) qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari va ma'muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar doirasida;
g) maktabgacha ta'lim sohasida nodavlat ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning faoliyatini tekshirish doirasida;
d) favqulodda vaziyatlar, turli hodisalar yuzasidan va tergovga qadar tekshiruvlar doirasida o‘tkaziladigan tekshirishlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qayd etilishicha, maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tekshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad maktabgacha ta'lim bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirishda maktabgacha ta'lim muassasalarining roli va mas'uliyatini kuchaytirish, tarbiyalanuvchilarga O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablariga muvofiq sifatli ta'lim berilishini ta'minlash uchun shart-sharoit yaratish, maktabgacha ta'lim muassasalaridagi ijro intizomini mustahkamlash, maktabgacha ta'lim muassasalarini tekshirishlarning samaradorligini oshirish orqali pedagoglar va boshqa xodimlarning kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvga chek qo‘yish, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan ta'lim sifatiga ta'sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash va bartaraf etishdan iborat.
Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tekshirishning vazifalari quyidagilardan iborat:
maktabgacha ta'lim muassasalaridagi ta'lim-tarbiya jarayonining sifati, tarbiyachilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirishga ko‘maklashish;
qonun hujjatlari buzilishi holatlarini chuqur tahlil qilish va ularni sodir etish shart-sharoitlarini bartaraf qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining o‘z vaqtida va sifatli ravishda ta'minlanishini tashkil etish;
maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatida kam samarali taftishlarni qisqartirish bilan bir vaqtda to‘laqonli tekshirishlar samaradorligini oshirish;
maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta'minlash, ta'lim-tarbiya jarayoni ustidan samarali davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
maktabgacha ta'lim muassasalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta'minlash;
davlat organlari va tashkilotlarining maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati bilan bog‘liq vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilash va tartibga solish.
Maktabgacha ta'lim muassasalarida:
voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash, ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi maxsus bo‘linmalari tomonidan;
yong‘in xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga amal qilinishini o‘rganish, yong‘inlarning oldini olish hamda ularni o‘chirishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy va ilmiy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan;
aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga amal qilinishini o‘rganish, sanitariya-gigiyena tadbirlarini va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, o‘quvchilarning sanitariya madaniyati darajasini oshirish, davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati respublika markazi va hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari tomonidan;
mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini o‘rganish, xodimning hayoti va sog‘lig‘i ustuvorligini ta'minlash, mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan nazorat va tekshiruvni amalga oshirish, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning hududiy bandlikka ko‘maklashish va aholini ish bilan ta'minlash markazlari tomonidan;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini o‘rganish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish va zararini kamaytirish yuzasidan choralarni amalga oshirish, favqulodda vaziyatlar sharoitida harakat qilishga tayyor bo‘lishni tashkil etish, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan;
yer, yer osti boyliklari, suv, daraxtlar va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini o‘rnatish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish borasida yagona siyosatni amalga oshirish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, bolalarning ekologik madaniyatini oshirish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta'lim muassasalarining faoliyatini tekshirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
rejali tekshirish;
rejadan tashqari tekshirish;
nazorat tartibida tekshirish.
Maktabgacha ta'lim muassasalarida rejali tekshirishlarni o‘tkazish tekshirishga vakolatli organlar bilan tegishliligi bo‘yicha tasarrufida maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan tasdiqlanadigan tekshirishlarning yillik reja-jadvaliga muvofiq holda amalga oshiriladi.
Keyingi yil uchun tekshirishlarning yillik reja-jadvali tegishliligi bo‘yicha tekshirishga vakolatli organlarning markaziy apparati bilan tasarrufida maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralarning markaziy apparati hamda tekshirishga vakolatli organlarning hududiy bo‘linmalari bilan tasarrufida maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari tomonidan har yili 25 dekabrga qadar tasdiqlanadi. Tasdiqlangan yillik reja-jadvallarning nusxalari tegishliligi bo‘yicha maktabgacha ta'lim muassasalariga har yili 1 yanvarga qadar yetkazib beriladi.
Yillik reja-jadval tekshirishga vakolatli organlarning maktabgacha ta'lim muassasasini tekshirishlari bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolmasligi hisobga olingan holda tasdiqlanadi.
Tekshirishga vakolatli organlar tomonidan rejali tekshiruvlar 3 yilda ko‘pi bilan bir marta o‘tkaziladi. Yangi tashkil etilgan maktabgacha ta'lim muassasalarida dastlabki uch yil mobaynida rejali tekshirishlar o‘tkazilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.
Quyidagi hollarda maktabgacha ta'lim muassasalari yillik tekshirishlar reja-jadvaliga kiritilmaydi:
maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyatini tekshirish uchun belgilangan muddatlar inobatga olinmagan bo‘lsa;
maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyatini tekshirishlarning yillik reja-jadvalini shakllantirishning qoidalari buzilgan bo‘lsa;
maktabgacha ta'lim muassasalari tugatilgan yoki tugatish jarayonida bo‘lsa;
maktabgacha ta'lim muassasalarining reja-jadvalga kiritilishi qonun hujjatlariga zid bo‘lsa.
Rejadan tashqari tekshirishlar tekshirishga vakolatli organlar tomonidan:
maktabgacha ta'lim muassasasi tugatilayotganida;
tasarrufida maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy bo‘linmalari tasarrufidagi maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyatini tekshirishni so‘rab tekshirishga vakolatli organga murojaat etgan taqdirda;
maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyatiga oid qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Hukumati va O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining topshiriqlari hamda davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning o‘z muddatida va sifatli ijro etilishini tezkor o‘rganish talab etilganda;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishining, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish, pedagoglar va o‘quvchilar hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli omillarning paydo bo‘lishi, sanitariya-epidemiologiya vaziyati murakkablashishi, shuningdek boshqa davlatlardan yuqumli kasalliklar kirib kelishi va tarqalishi ehtimoli mavjud bo‘lganda;
maktabgacha ta'lim muassasasi boshqaruvida ta'lim-tarbiya sifatiga salbiy ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan jiddiy kamchiliklar mavjud bo‘lganda;
ommaviy axborot vositalari yoki Internetdagi manbalarda maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatiga doir qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar e'lon qilinganda;
maktabgacha ta'lim muassasalarida tashkiliy-boshqaruv, uslubiy, ma'naviy va moliyaviy jihatdan jiddiy nuqsonlar mavjudligi to‘g‘risida ishonchli ma'lumot bo‘lganda amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
09:30 / 09.06.2026
Buxorodagi tergov hibsxonasi xodimlariga nisbatan tekshiruv harakatlari boshlandi
18:34 / 26.04.2026
“Dacha”larning elektron bazasini yaratish va ijara narxlarini nazorat qilish rejalashtirilmoqda
09:35 / 01.04.2026
Mobil tariflarga yangi talablar joriy etilishi mumkin
08:11 / 18.03.2026