Jahon | 11:50 / 27.11.2018
63343
15 daqiqa o‘qiladi

Qashshoqlarning qashshoqlari

kazu.org

Dunyoda qashshoq davlatlar ko‘p va ularning soni ko‘payishda davom etmoqda. Dunyo hamjamiyatining ko‘maklariga qaramay bu davlatlar muammolar girdobidan chiqa olishmayapti. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, yuksak taraqqiyotga erishilayotgan yigirma birinchi asrning ikkinchi o‘n yilligi yakuniga yetayotgan bir paytda har kuni (!) 25 ming kishi ochlikdan o‘lmoqda va ularning ko‘pchiligi bolalardir. Sayyoramizning deyarli 1 milliard aholisi kuniga 2 dollarga qanoat qilishga majbur, 2,5 milliard kishining daromadi esa kuniga 3 dollardan oshmaydi.

Biz birvarakayiga qashshoq deb atayotgan davlatlarning ham o‘z tasnifi bor. BMT nizomiga ko‘ra «qashshoq davlat» degan atama qo‘llanilmaydi. Iqtisodi eng past ko‘rsatkichlarga ega davlatlar «eng kam rivojlangan davlatlar» deb ataladi. Bunday maqomga ega bo‘lish bir tarafdan o‘ta og‘ir ahvolni bildirsa, ikkinchi tomondan qator imtiyozlar beradi. Eng kam rivojlangan davlatlar xalqaro yordamlarni birinchi navbatda oladi, arzon kreditlarga ega bo‘ladi, xorij davlatlari tomonidan bepul tibbiy va ta'lim grantlarini qo‘lga kiritadi.

Bu bir tomondan davlatlarga qashshoqlikdan qutulishga yordam bersa, ikkinchi tomondan aks ta'sir qiladi va illatli doira hosil qiladi. Qashshoq davlatlar hukumatlari xorij ko‘magiga qattiq suyanib qoladi, o‘z ahvolini yaxshilashga harakat qilmaydi, mamlakatda korrupsiya urchiydi, xalqaro hamjamiyatga o‘zining og‘ir ahvolini ko‘rsatib, bosim o‘tkazish imkoniyati saqlanib qoladi.

BMTning birinchi navbatda yordam berish talabiga ko‘ra eng kam rivojlangan davlat maqomini saqlash va aholi jon boshiga yillik yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi eng kam bo‘lishi lozim. YaIMdan tashqari BMT aholi ovqatlanishi, salomatlik, savodxonlik kabi ko‘rsatkichlarga ham e'tibor beradi. 1971 yilda bunday davlatlar soni 24tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2011 yildayoq ular soni ikki barobar oshib, 48taga yetgan. Kuzatishlar boshlanganidan buyon o‘tgan yillar davomida faqatgina 10 davlatgina bu ro‘yxatdan chiqib keta olgan va ular rivojlanayotgan davlatlar safiga qo‘shilgan.

Ma'lumot: Dunyoda kam rivojlangan davlatlar soni ko‘paygan bo‘lsada, qashshoqlikda kun kechiruvchi aholi soni kamaygani quvonarli. 2000 yilda bo‘lib o‘tgan 189 davlat ishtirokidagi «ming yillik sammiti»da 2015 yilga kelib qashshoqlar (ya'ni 1-1,25 dollar evaziga kun kechirayotganlar) sonini ikki barobarga qisqartirish rejasi tuzilgan va bu reja muddatidan 5 yil avval bajarilgan. BMTning yana bir ulkan rejasiga ko‘ra, 2030 yilga borib qashshoqlik butunlay tugatilishi lozim.

Bir qarashda eng quyi ro‘yxatdan chiqib, rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilish osondek tuyiladi. Ammo qashshoq davlatlarning muammolari juda jiddiy va aksariyat hollarda bir xil: siyosiy beqarorlik, fuqarolar urushlari, korrupsiya, ta'lim va tibbiy xizmatlar sifatining o‘ta pastligi, yuqori jinoyatchilik, tabiat injiqliklari, iqtisodning o‘ta abgor bo‘lgani holda katta qarzdorlik kabilar shular jumlasidandir.

Dunyodagi 48 qashshoq davlatdan 33tasi Afrika qit'asida, 13tasi Osiyo hamda Okeaniyada va yana bittasi Lotin Amerikasida (Gaiti) joylashgan.

So‘nggi ma'lumotlargaqaraganda eng kam rivojlangan davlatlar o‘nligi quyidagicha ko‘rinish olgan:

10 o‘rin — Togo, YaIM — 1084 $

Togodagi maktab
Foto: borgenproject

Bir vaqtlar fransuzlar koloniyasi bo‘lgan bu davlat anchagina barqaror iqtisodga ega edi. Afrika g‘arbida joylashgani uchun marmar, fosforitlar, yog‘och savdosidan daromad olib kelingan. Ammo asta-sekin bu tarmoqlardan putur keta boshladi.

Haqiqiy ofat hisoblangan tsetse pashshasining ko‘pligi chorvachilikka ham qiron keltirdi. 

Mamlakatda tibbiy muassasalar juda kam, sil, bezgak kabi kasalliklar keng tarqalgan. OITSga chalinganlar soni ham kundan-kunga ortib bormoqda va bugungi kunda aholining 3,5 foizidan ko‘prog‘i shu kasallik tashuvchisidir. Aholining uchdan biri ochlikdan azob chekadi.

Shuncha muammolarga qaramay Togoda tug‘ilish ko‘rsatkichlari yuqori va har bir ayolning o‘rtacha 4 nafardan farzandi bor. Qonun bo‘yicha har bir erkakka 4 nafargacha xotin olishga ruxsat beriladi. Qonunning yana bir talabiga ko‘ra, agar biror erkak ayol kishiga xushomad qilsa, unga uylanishi shart. Shu tarzda aksariyat erkaklar 4 xotinli bo‘lib olishgan va ularning o‘rtacha 16 nafardan bolasi bor.

9-o‘rin — Madagaskar, YaIM — 970 $

Madagaskarlik uyi
Foto: World Bank Group

Sayyoramizning hududi jihatdan to‘rtinchi o‘rindagi orolida 20 milliondan ortiqroq aholi yashaydi va ularning aksariyati qashshoqlikda kun kechiradi. So‘nggi yillarda bir rivojlanayotgan, bir qashshoq davlat ro‘yxatiga tushib qolayotgan bo‘lsada, iqtisod ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi. Bir qarashda tabiat barcha ne'matlarini tortiq etgandek, orol chuchuk suvga boy, yerlari unumdor. Ammo asosiy daromad manbalari bo‘lgan chorvachilik va baliqchilik rivoji ham qashshoqlikdan qutulish imkonini bermayapti. Vaqti-vaqti bilan kuzatiladigan chigirtkalar hujumi butun hosilni nest-nobud qiladi va vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Taxminlarga ko‘ra «Koka-Kola» kompaniyasining tabiiy vinildan sintetik vinilga o‘tishi ham mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazgan.

Madagaskarda ayollar o‘rtacha 5 nafardan farzand ko‘rishadi. Orolda o‘lat, bezgak kabi kasalliklar ko‘p tarqaladi aholi umriga zomin bo‘ladi.

8-o‘rin —Malavi Respublikasi, YaIM — 879 $

Malavi shifoxonasi
Foto: maravipost.com

Sharqiy Afrikaning bu davlati aholisi yarmidan ko‘pi qashshoqlikda kun kechirgani kamlik qilgandek oddiy o‘qishni ham bilishmaydi. Asosiy daromad manbai bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ham sust rivojlangan. Mamlakat foydali qazilmalarga boy, lekin ularni tadqiq etish va qazib olishga mablag‘ yo‘q. Xorijiy investitsiya bu beqaror hududga kirgisi kelmaydi.

Tibbiy ahvol o‘ta og‘ir – har 17 ming aholiga bir shifokor to‘g‘ri keladi va ko‘p hollarda bu shifokorning malakasi ham haminqadar bo‘ladi. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning deyarli hammasida vazn yetishmovchiligi kuzatiladi. 2015 yilda OITSga chalinganlar soni 1.6 mln kishidan ortgani qayd etilgan. Tug‘ilgan har ming chaqaloqdan 84 nafari turli sabablarga ko‘ra nobud bo‘ladi va bu butun dunyo bo‘ylab eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Sanitar holat juda yomon, ayollar sog‘ligi, ovqatlanishi qoniqarli emas, homiladorlikdan himoyalanish vositalari yetarli bo‘lmagani tufayli har bir ayolning kamida 5-6 nafardan farzandi bor.

7-o‘rin —Niger, YaIM — 829 $

Nigerda bolalar uyiga suv tashimoqda
Foto: citizentv

Dahshatli issiq hukmronlik qiladigan bu davlatni ko‘pincha Nigeriya bilan adashtirishadi. Nigeriyadagi ahvol ham ko‘ngildagidek bo‘lmasada, baribir Niger bu borada ancha «ilgarilab» ketgan. Daromadining asosini tashkil etuvchi qishloq xo‘jaligida ishli aholining 90 foizidan ortig‘i mehnat qiladi, ammo hududining 3 foizigina dehqonchilikka yaroqli. So‘nggi yillarda ustma-ust kuzatilayotgan qurg‘oqchilik ham sohani tang ahvolga solgan. Bu davlatda temiryo‘llar yo‘q, aholining faqat 28 foizigina o‘qish yozishni biladi, bolalarning 25 foizigina maktabga borishadi.

Aholining yarmidan ko‘prog‘i to‘yib ovqatlanmaydi, ichimlik suvining yetarli emasligi yuqumli kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘ladi. Aholing 1 foizidan ortig‘i OITSga chalingan. Har 1000 chaqaloqdan 115 nafari nobud bo‘ladi. Ayollar kamida 7-8 nafar farzand ko‘rishadi.

6-o‘rin — Zimbabve, YaIM — 788 $

Oltin koni ishchisi
Foto: Madote

Bir vaqtlar tuppa-tuzuk rivojlanish yo‘lidan ketayotgan davlat yer islohoti ortidan tanazzulga yuz tutdi. Umidli islohotchidan shafqatsiz diktatorga aylangan prezident Robert Mugabening 30 yillik boshqaruv davri mamlakat iqtisodiyotini butkul izdan chiqardi. 2009 yilda inflyatsiya bo‘yicha tarixiy rekord qayd etildi – Zimbabve dollari 321 000 000 foizga qadrsizlandi. O‘sha paytlarda 100 trln Zimbabve dollari muomalaga kiritildi va bu pulga bir nechta tuxum sotib olish mumkin edi. Ishsizlik darajasi ham o‘sha paytlarda mutlaq rekord – 94 foizga chiqdi.

Aholining 70 foizdan ortig‘i qashshoqlikda kun kechiradi.

Umr ko‘rsatkichlari ayollarda 47 yoshni, erkaklarda 48 yoshni tashkil qiladi va buning asosiy sababi OITS. Bu kasallik tarqalishi bo‘yicha ham mamlakat rekordchi hisoblanadi va 2007 yilda aholining 15 foizdan ortig‘i OITSga chalingani qayd etilgan. Keyingi yillarda OITS tarqalishi birmuncha jilovlandi.

5-o‘rin — Eritreya, YaIM — 707 $

Eritreyadagi oila

Qizil dengiz qirg‘oqlaridagi bu davlat bir vaqtlar Italiya koloniyasi bo‘lgan va aholisi nisbatan yaxshi yashagan. O‘tgan asrning 50-yillarida Efiopiyaga qo‘shib yuborilgan va mustaqillik uchun kurash 30 yildan ortiq davom etgan. Mustaqillikka erishilgan bo‘lsada, mamlakat iqtisodiy urushlar ta'sirida butkul izdan chiqadi. Bir vaqtlar o‘z tarixi bilan Misr, Yunoniston kabi davlatlar qatorida sanalgan bu davlat sayyohlarni jalb qilish tugul o‘z aholisini ham boqa olmay qoldi. Ish bilan band aholining 80 foizi qishloq xo‘jaligi orqali daromad qiladi, chuchuk suv yetishmasligi sohaning rivojiga jiddiy to‘siq bo‘ladi.

4-o‘rin — Liberiya, YaIM ─ 703 $

Liberiyalik bola yo‘l chetida
Foto: Gossip Liberia

Bu davlatda umumiy hisobda 10 yil davom etgan ikki fuqarolik urushi yuz minglab kishilarning yostig‘ini quritish bilan birgalikda iqtisodni ham jarga qulatgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Liberiya aholisining taxminan 90 foizi 1,3 dollarga kun kechiradi.

Bir vaqtlar qahva, yog‘och, olmos kabi xaridorgir mahsulotlar eksport qilgan bu davlatning hozirgi kundagi asosiy daromadi xorijiy kemalarga o‘z davlati nomidan, ya'ni Liberiya bayrog‘idan foydalanish huquqini sotishdan iborat.

3-o‘rin — Kongo Demokratik Respublikasi, YaIM — 648 $

Kongolik bolalar
Foto: Vikipediya

Bir vaqtlar bu davlatning nomi Zoir bo‘lgan. Nomini o‘zgartirishi ortidan juda ko‘pchilik KDRni Kongo Respublikasi bilan adashtiradi. 2012 yillarga qadar KDR dunyodagi eng qashshoq davlat maqomini mustahkam saqlab keldi. Ammo keyinchalik bu borada uchinchi o‘ringa «tushib» qoldi. Shunga qaramay, mamlakatdagi ahvol nihoyatda og‘ir. KDR hududidagi turli urushlarda 7 davlat ishtirok etdi va harbiy harakatlar natijasida 5,4 million kishi nobud bo‘ldi. Urush avjiga chiqqan davrda kuniga o‘rtacha 40 ming inson shafqatsiz o‘lim topgani qayd etilgan.

Aholining 70 foizdan ortiqrog‘i ochlikdan azob chekadi. Bu davlatning yana bir dahshatli jihati ko‘p qabilalarda hamon odamxo‘rlik saqlanib qolgani va unga qarshi aytarli kurash olib borilmasligida. Mamlakatda taxminan 71 million aholi istiqomat qilsa, shundan 5 foizidan ortig‘i OITSga chalingan. Mahalliy aholi orasida yana bir yaramas odat saqlanib qolgan. Ko‘pchilik bokira qiz bilan tunash OITSga davo bo‘lishiga ishonadi va bu holat bu kasallikning yanada shiddat bilan tarqalishidan tashqari zo‘ravonlik ham haddan tashqari ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Bejizga Kongo ayollar uchun eng xavfli va nomusga tajovuz qilish ko‘rsatkichi eng yuqori davlat emas.

2-o‘rin — Burundi, YaIM — 642 $

Burundida fuqarolar urushi
Foto: World Bulletin

Bu davlatdagi asosiy muammo – uzluksiz urushlar. Qabilalar, partiyalar, qaroqchilar, partizanlar yoki shunchaki qo‘liga qurol olgan odam borki o‘ziga dushman topib urush ochaveradi. Aslida iqtisodni rivojlantirish uchun imkoniyatlar yetarli – mamlakat hududining 50 foizi dehqonchilikka yaroqli, 36 foizi yaylovlardan iborat. Aholining asosiy qismi dehqonchilik bilan shug‘ullansada, hosildorlik past, choy va qahva eksporti aholini boqishga yetmaydi. Bolalarning deyarli hammasida vazn yetishmovchiligi kuzatiladi, tibbiyot og‘ir ahvolda, OITS, vabo, meningit kabi kasalliklar tarqalishi oddiy holga aylangan.

Burundida temiryo‘llar yo‘q, mamlakatda bor yo‘g‘i 20 mingta avtomobil mavjud, har 1000 aholining 20 nafari uyali telefonga, 5 nafari kompyuterga ega hisoblanadi, xolos.  

1- o‘rin — Markaziy Afrika Respublikasi, YaIM — 542 $

Markaziy Afrika bolalari
Foto: Arab News

Afrika markazidagi MAR nafaqat o‘z qit'asining, balki dunyoning ham eng qashshoq mamlakatidir. Eng qizig‘i, bu davlat oltin, olmos, neft kabi foydali qazilmalar, ulkan o‘rmonlarga ega. MAR byudjyeti ham asosan olmos va yog‘och sotish orqali to‘ldiriladi. Ammo mamlakatdagi korrupsiya, siyosiy beqarorlik, uzluksiz urushlar, o‘ta yuqori jinoyatchilik, biror tizimning ko‘ngildagidek ishlamasligi iqtisodni o‘ta abgor avholga tushirgan. Bu davlat xalqaro tashkilotlar ko‘magiga shu qadar ko‘nikib qolganki, ularni to‘xtatish shubhasiz ijtimoiy inqirozga sabab bo‘ladi. Aholining mutlaq ko‘pchiligi ochlikdan qiynaladi, faqat 48 foizi savodli, 6 foizdan ortig‘i OITSga chalingan. Har 1000 chaqaloqdan 105 nafari nobud bo‘ladi.

* Alohida ta'kidlash shart, bu ro‘yxat 2017 yil yakuniga ko‘ra tuzilgan. 2018 yilning o‘tgan davrida ayrim o‘zgarishlar kuzatilgan, shuningdek nafaqat BMT, balki XVJ, JSST, Butunjahon banki va yana turli tashkilotlar ham o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha qashshoq davlatlar ro‘yxatini tuzishadiki, ular bu ro‘yxatdan farq qilishi mumkin. Masalan davlatlar iqtisodini tahlil qilib boruvchi Focus Economics kompaniyasi ro‘yxatiga Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari ham kiritilgan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid