Sport | 17:30 / 28.11.2018
17437
11 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» - hozir yoki hech qachon! YeChL o‘yinlari anonsi

27 noyabr kuni Yevropa chempionlar Ligasining to‘rt guruhida 5-tur o‘yinlari yakunlandi va yana 7 jamoa rasman pley-off yo‘llanmasini hal qildi. So‘nggi turlar endi, «Shaxtyor» va «Lion»dan qaysi biri F guruhining ikkinchi omadli jamoasi bo‘lishini, hamda guruhlardagi birinchi va ikkinchi o‘rinlar borasida aniqlik kiritadi xolos.

Bugun esa, qolgan to‘rt guruhda ham hal qiluvchi palla boshlanmoqda. Parijda ikki top jamoaning o‘zaro o‘yinida yo‘llanma uchun jang kechsa, «Tottenhem» «Uembli»da so‘nggi xasga osilib ko‘rishga urinadi. Shu va boshqa qiziqarli uchrashuvlar haqida Tribuna.uz saytining an'anaviy anonsi bilan qarshingizda. 

A GURUHI
ATLeTIKO – MONAKO (23:00)
BORUSSIYa – BRYuGGe (01:00)

Bu guruhda «Bryugge»ning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlari hozircha saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, g‘oliblar «Atletiko» va «Borussiya» bo‘lishini hamma bilib turibdi. Belgiyaliklar avval Dormundda g‘alaba qozonishlari, keyin o‘z maydonida «Atletiko»ning yengishlari, bu ham yetmaganday, bu jamoalarning «Monako»ga qarshi o‘yinlarda ochko yo‘qotishlaridan umid qilishlariga to‘g‘ri keladi. Bu juda qiyin.

«Monako»ning ham o‘z holicha motivatsiyasi bor. Terri Anri jamoasi 16 o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyadan so‘ng, nihoyat, Kanda g‘alabaga erishdi. Pley-off uchun barcha imkoniyat yo‘qotilgan bo‘lsa-da, qolgan o‘yinlarda ijobiy natija qayd etish va hech bo‘lmasa, Yevropa Ligasiga o‘tish uchun imkoniyat yo‘qotilgani yo‘q.

Albatta, «Atletiko» va «Borussiya» o‘z o‘yinlarini yuz foizlik natija bilan tugatishni istaydi. Sababi, guruhda 1-o‘rinni olish va keyingi bosqichda nisbatan osonroq raqibga ro‘baru kelishni maqsad qilishlari turgan gap. O‘zaro o‘yinlarda Dortmund jamoasining ustunligi borligi tufayli, jadvalni boshqarmoqda, demak «Atletiko» guruh g‘olibi bo‘lishi uchun «Borussiya»ning ochko yo‘qotishidan umid qilishga to‘g‘ri keladi. Xullas, agar intriga topaman deyilsa, har qanday holatdan ham buni uddalash mumkin.

Darvoqe, Madriddagi o‘yin boshqa o‘yinlardan ikki soat ertaroq boshlanishiga e'tibor qaratishingiz mumkin.

V GURUHI
PSV – BARSeLONA (01:00)
TOTTeNHEM – INTeR (01:00)

5-tur oldidan keyingi bosqichga rasman chiqqan jamoa «Barselona» edi. Ammo shunday bo‘lsa-da, kataloniyaliklar qatnashadigan o‘yinlarning ham ahamiyati katta. Birinchidan, jamoaning o‘zi yana qanchadir kerakli ochkoni qo‘lga kiritib, guruhdagi 1-o‘rinni ham o‘zlariniki qilib olishlari kerak. Ikkinchidan, so‘nggi turdagi «Barselona» – «Tottenhem» o‘yinida mehmonlarni faqat g‘alabagina keyingi bosqichga olib chiqishi mumkin. Bu o‘yin ham ko‘pchilikning e'tiborida bo‘lishi tabiiy.

«Tottenhem» mana shu imkoniyatni so‘nggi turga saqlab qolish uchun ham bugun «Inter» ustidan o‘z maydonida g‘alaba qozonishi shart. Hozircha, «Tottenhem» milanliklardan uch ochko ortda qolmoqda. Birinchi davradagi o‘yin 2:1 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘lgan. Demak, Pochettino shogirdlari imkon qadar ikki to‘p farqi bilan yoki 1:0 hisobida yutishlari kerakki, ana o‘shanda o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik inglizlar tomonga o‘tadi va ular «Inter»ni quvib o‘tadilar.

So‘nggi turda «Inter» «PSV»ni qabul qilishini e'tiborga olsak, «Tottenhem» keyin Barselonada ham g‘alaba uchun o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Ko‘rinishidan bu og‘ir vazifani uddalashga londonliklar bel bog‘laydilarmi, yo‘qmi, buni bugun kuzatamiz. Esingizda bo‘lsa, ikki yil oldin ham, guruhda «Tottenhem» xuddi shu holatga tushib qolgandi va Pochettino jamoasiga ishonmay, muhim o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirib, APL o‘yinlariga e'tibor qaratishni ma'qul ko‘rgandi. O‘tgan ikki yilda «Tottenhem» va uning murabbiyi ambitsiyalari qay darajada o‘sganligini tomosha qilish ham qiziq bo‘lsa kerak.

Dastlabki vazifa uchun jamoa tayyor. Buni biz shanba kuni «Chelsi»ga qarshi o‘yinda ham ko‘rdik. «Uembli»da Sarri jamoasiga deyarli imkoniyat qoldirilmadi. Ammo bu safargi raqib ancha extiyotkor, xotirjam Italiya jamoasi ekanini ham ta'kidlash kerak.

S GURUHI
NAPOLI – TsRVeNA ZVeZDA (01:00)
PSJ – LIVeRPUL (01:00)

Agar, umuman guruh bosqichidagi markaziy guruh sifatida S guruhini aytsak, bugun mana shu markaziy guruhdagi eng markaziy o‘yin bo‘lib o‘tadi. «PSJ» o‘z maydonida «Liverpul»ni qabul qiladi.

«PSJ» Fransiyada har qancha rekordlarni yangilamasin, agar Yevropadagi jiddiy jamoalarga qarshi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsata olmasa, loyihani muvaffaqiyatsiz deb baholash mumkin. Mana, bu mavsum YeChLdagi barcha top-o‘yinlarda jamoa g‘alaba qozona olmadi. «Liverpul»dan mag‘lubiyat, «Napoli» bilan ikki o‘yinda ham durang. Faqat «Tsrvena Zvezda»ning raqobatchilar bilan o‘yinlarda matonat ko‘rsatib, ochkolar tortib olishgani parijliklarga qo‘l keldi va jamoa hozirda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. «PSJ» bugun «Liverpul»ni yengib, Belgradda ham g‘alaba qozonsa, har qanday holatda guruhdan chiqadi. Lekin aksincha, agar «PSJ» bugun mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa va hatto agar durang qayd etiladigan bo‘lsa ham, nazariy tomondan ham bor imkoniyatdan mosuvo bo‘lishi mumkin. 

Turnir holatidan tashqari ham bu o‘yin intrigalarga to‘la. Masalan, o‘z vaqtida «Borussiya»ni gullatgan ikki murabbiyning navbatdagi qarama-qarshiligini ko‘rish ancha qiziq bo‘lsa kerak. «Liverpul» uchun ham bu o‘yin hayot va mamot masalasidek gap. Hozirda jadvalni boshqarib turgan liverpulliklar agar Parijda yutqazishsa, so‘nggi tur oldidan qiyin vaziyatda qolishlari mumkin. «Napoli» ustidan 2 to‘p farqi bilan g‘alaba qozonish lozim bo‘lib qoladi. Bu yanada qiyin ishligini alohida aytib shart emas.

Parijliklar murabbiyi Tomas Tuxel o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida muxlislarni xursand qildi: Neymar va Mbappe nihoyat maydonga tushishlari mumkin. Bu futbolchilar jismoniy tarafdan qay holatdaligi noma'lum, lekin mana shu faktning o‘ziyoq jamoa o‘yinini kuchaytiradi, Kavanining yelkasiga tushib qolgan yukni kamaytiradi.

«Liverpul» tarkibida Klayn, Solanke, Lallana kabi jarohatlanganlarga e'tibor qaratmaslik mumkindir, ammo Sadio Manening holati aniq emas. Senegallik futbolchi jamoa bilan Parijga uchib kelgan bo‘lsa-da, hatto Klopp ham uning o‘yinga qanchalik tayyorligi borasida biror aniq gap aytolmadi. Ammo Shakirining yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgani va Firminoning nihoyat ikki oylik golsiz davrni tugatib olganiga qarasak, inglizlar uchun ham optimistik faktorlar yetarli.

D GURUHI
LOKOMOTIV – GALATASAROY (23:00)
PORTU – ShALKe (01:00)

Turnirning ilk o‘yinida «Lokomotiv» Istanbulga safar qilgan va o‘yin borasida raqibidan u qadar yomon ko‘rinmagan bo‘lsa-da, yakunda yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragandi. Aynan shu o‘yin moskvaliklar uchun tayanch nuqtasi bo‘ldi va Semin jamoasi keyingi o‘yinlarni ham o‘sha kayfiyatda o‘tkazdi. Natijada, «temiryo‘lchilar» Chempionlar Ligasi guruh bosqichida birorta ham ochko qo‘lga kirita olmagan ikki jamoadan biri bo‘lib turibdi.

Turklar uchun esa o‘sha g‘alaba keyingi muvaffaqiyatlar uchun debocha bo‘la olmadi. Keyingi uch o‘yinda «Galatasaroy» boshqa g‘alaba qozona olmadi, jamoa futbolchilari bu o‘yinlarda hatto birorta gol urishning ham uddasidan chiqa olishmadi. Hozirda, «Galatasaroy» va «Shalke» o‘rtasidagi farq 4 ochkoni tashqil qilmoqda. Ya'ni, endi turkiyaliklar qolgan ikki o‘yinni g‘alaba bilan tugallagan taqdirda ham, yana «Shalke»ning «Lokomotiv» bilan o‘yinda ham ochko yo‘qotishini kutishga to‘g‘ri keladi.

«Shalke» Portugaliyaga safar qiladi. «Portu» raqibidan 2 ochko oldinda bormoqda va guruh masalasini rasman hal qilish uchun durang ham kifoya. Yoki «Galatasaroy»ning ochko yo‘qotishi ham portugaliyaliklarni pley-off yo‘llanmasi egasiga aylantiradi.

Qizig‘i, «Portu» ham, «Shalke» ham 4-turdan so‘ng yo‘llanmani rasman egasi bo‘lmadi. Ammo shunday bo‘lishi mumkinki, agar ikki soat oldin Moskvada boshlanadigan o‘yinda durang qayd natija etiladigan bo‘lsa, har ikki jamoa ham hali maydonga tushmasdan turib, rasman pley-off ishtirokchisiga aylanadi.

Mavzuga oid