O‘zbekiston | 22:02 / 29.11.2018
27901
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzakh Petroleum​ loyihasi nega sustlashgan?

«O‘zbekneftegaz» aksiyadorlik kompaniyasi ishtirokida ta'sis etilgan Jizzakh Petroleum​ qo‘shma korxonasi loyihasi xomashyo tanqisligi tufayli oxiriga yetkazilmasligi mumkin. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Joriy yilning apreli oyi oxirlarida Jizzax viloyatida qiymati 2,2 mlrd dollar bo‘lgan yangi neftni qayta ishlovchi majmua qurilishi boshlangandi. Qurilish ishlari 2021 yilga qadar tugatish rejalashtirilgan. Ammo, neftni qayta ishlash zavodi to‘liq quvvatda ishlashi uchun xomashyo import qilinishi, xususan Qozog‘iston va Rossiya hukumatlari bilan muzokaralar davom etayotgani bildirilgandi.

«Hozirgi kungacha hukumatlararo kelishuv imzolanmadi. Shu sababli, loyihaning faoliyati sekinlashib qolgan. Aniq kelishuvlar bo‘lmagani uchun, xomashyo yetkazib berishda muammo bor», - deydi «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari Odil Temirov.

Zavodni Jizzakh Petroleum​ hamda Gas Project Development Central Asia (Gazprom International’​ning tuzilmasi, 40 foiz) boshqaradi. «Gazprombank» guruhi tomonidan nazorat qilinuvchi Enter Engineering​ kompaniyasi bosh pudratchi bo‘ladi.

Ayni paytda «O‘zbekneftgaz» AJda O‘zbekistonda Farg‘ona va Buxoro neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish haqida o‘ylamoqda. Mutasaddilarga ko‘ra, kompaniya neft-gaz sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqyapti.

«​Unda asosiy e'tibor investitsiya loyihalarini amalga oshirish, jumladan tabiiy gazni chuqur qayta ishlash, ikkita neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va «O‘zbekiston-Xitoy» gaz quvurining 4-liniyasini qurishga qaratiladi»​, - deyilgan xabarda.

Mavzuga oid