O‘zbekiston | 10:09 / 30.11.2018
8923
3 daqiqa o‘qiladi

Tashqi savdo vazirligi tuzilmasi o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi 4033-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Tashqi savdo vazirligining tarkibiga bir qator o‘zgarishlar kiritildi

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi va ikkita yangi boshqarma tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Vazirlikning markaziy apparati xodimlar ish o‘rinlari soni 82 nafargacha kengaytirildi. Shu kungacha tuzilmaga ko‘ra, tashkilot tarkibida 67 nafar xodim edi.

O‘zbekiston Respublikasi Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lishi bo‘yicha muzokara guruhi rahbari, shuningdek, tashqi savdoda bojxona va tariflarni tartibga solish, importni optimallashtirish, transport koridorlarini rivojlantirish va eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish vazifalari yuklatilgan vazir o‘rinbosari lavozimining joriy etilishi strategik tuzilmaviy yangiliklardan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorligini muvofiqlashtirish bo‘yicha yangi boshqarma JSTga a'zo bo‘lish uchun zarur bo‘lgan materiallar va hujjatlar to‘plamini yig‘adi va tayyorlaydi, shuningdek, milliy qonunchilikning JST bitimlari talablariga moslashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi. Shuningdek, boshqarmaga O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lish jarayoni, uning kotibiyati bilan o‘zaro munosabatlari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tashqi savdo sohasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama bitimlarni imzolash bo‘yicha muzokara jarayonida ishtirok etish vazifalari topshirildi. Shu bilan birga, vazirlikning mazkur boshqarmasi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotidagi maslahatchi-vakili, BMT bo‘limida JSTning tuzilmalari bilan ishlash bo‘yicha birinchi kotibi va Jyenevadagi (Shveytsariya) boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekistonning doimiy vakolatxonasini muvofiqlashtiradi.

Hududlar mahsulotlarini eksport qilishni rivojlantirish bo‘limi Hududlar hamda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga aylantirilib, unga doimiy hamkorlarni izlash yo‘li bilan meva-sabzavot eksportini amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatildi. Yangi boshqarma an'anaviy va yangi bozorlarga kirish uchun shart-sharoitlarni yaratadi, shuningdek eksport shartnomalarini bajarishda metodologik yordam ko‘rsatadi. Boshqarmaning boshqa vazifalari yangi meva va sabzavot mahsulotlarini import qiluvchi yetakchi xorijiy tashkilotlar ro‘yxatini qayd etib borish va yangilashdir.

Farmonga ko‘ra, vazirlik 2018 yil oxirigacha, ya'ni bir oy ichida yangi tarkibiy tuzilmalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishi lozim.

Mavzuga oid