Jahon | 08:02 / 08.12.2018
30569
4 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko Ukraina Rossiyaga qarshi chiqishga tayyorligini bildirdi

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Ukraina Rossiyaga qarshi chiqib, o‘z hududini himoya qilishga tayyor. Bu haqda Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko The New York Times gazetasi uchun maqolasida yozdi, deb xabar qilmoqda mamlakat yetakchisining matbuot xizmati.

«Ukraina xalqi Rossiya mamlakatimizni asta-sekinlik bilan bosib olishiga shunchaki qarab turmaydi. To‘rt yil avval, bizning inqilobdan so‘ng, Ukraina Rossiya harbiy nayrangiga mustaqil ravishda qarshi tura olmaydigan holatda edi. Ammo bugun bizda qat'iyat bor hamda Rossiyaga qarshi chiqishga tayyormiz», - dedi Poroshenko. Aynan shuning uchun Ukraina hukumati tomonidan mamlakatning qator hududlarida harbiy holat joriy etildi - bu Rossiya o‘z tajovuzkorligini kuchaytirishga qaror qilsa, Ukrainada safarbarlik e'lon qilish uchun kerak, deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Shu bilan birga, Ukraina yetakchisi ta'kidlashicha, Kiyevga xalqaro hamjamiyatning Kerch bo‘g‘ozidagi harakatlar uchun Moskvaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llash shaklidagi qo‘llab-quvvatlovi kerak.

«Rossiya bizning energoresurslar va baliq resurslarimizni o‘g‘irladi, Ukraina faoliyatiga zarar yetkazdi, portlarimizdagi trafik hamda savdoni bloklab qo‘ydi. Yozda Rossiya Ukraina portlariga yo‘l olayotgan tijorat kemalarini muntazam ravishda kechiktirib, keskinlikni oshirdi», - deb yozadi Poroshenko. Uning qayd etishicha, 2014 yildan beri Rossiya Qora va Azov dengizlarida, shuningdek, Kerch bo‘g‘ozida xalqaro dengizchilik qoidalari hamda shartnomalarni muntazam ravishda buzib kelmoqda.

Ukraina rahbarining ishonch bildirishicha, Rossiya iqtisodiy urushda ishtirok etib, Ukraina eksport bozorlarini asta-sekin bo‘g‘ishga urinmoqda, G‘arb tomonidan qoralovchi bayonotlar esa Rossiya xatti-harakatlarini yanada yomonlashtirdi. «Ukraina kemalari turli fitnalar uyushtirilganiga qaramay, Rossiya harbiy-dengiz flotiga qarshi hech qachon tajovuzkorlik ko‘rsatmagan. Ular o‘t ochish orqali hujumga uchradi va xalqaro suvlardan uyga qaytayotganida qo‘lga olindi», - deya xabar berdi Poroshenko.

«Bu Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainaga atayin uyushtirilgan harbiy hujumi bo‘ldi. Moskva 2014 yilda Qrimda bo‘lgani singari, «kichik yashil odamchalar» orqasida yashirinmadi. Uning harbiylari o‘sha yili Ukraina sharqida jangovar harakatlar boshlanganida, turli bayonotlarda aytilganidek - «ta'tilda» bo‘lmagan. Moskva bu safar butun dunyoni hatto aldashga ham urinmadi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Shuningdek, Ukraina prezidentining ma'lum qilishicha, Rossiya tajovuzi davom etmoqda, sababi Ukraina harbiy xizmatchilari hamda kemalari Rossiyada ushlab turilibdi, Azov dengizida esa yuzlab kemalar to‘silmoqda, ruslar ularga Kerch bo‘g‘ozidan o‘tishga ruxsat bermayapti.

«Qrim va Donbass istilo ostida bo‘lgani sababli, bizning umumiy vazifamiz - Rossiya Azov dengizida o‘z tajovuzkorligini ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik. Rossiyaga qarshi «Azov sanksiyalar to‘plami» hozirgi kunda dunyoning eng kichik javob bo‘ladi. G‘arb gapirayotgan bir paytda, Putin harakat qilmoqda. Bunga javob berish vaqti keldi», - deya xulosa qilgan Poroshenko. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Poroshenko Rossiya qanday holatga tushib qolganini aytgandi.

Mavzuga oid