O‘zbekiston | 18:40 / 11.12.2018
43647
3 daqiqa o‘qiladi

Akmal Saidovning lavozimi maqom jihatidan vazirga tenglashtirildi

Foto: kabar.kg

Prezident qarori bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, markazning asosiy tarkibiy bo‘linmalari muayyan muammolarni hal etish uchun tuzilgan bo‘limlar hisoblanadi.

Markazni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor (hozirda - Akmal Saidov) boshqaradi.

Direktorning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari markaz direktori taqdimnomasi asosida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Direktor joyida bo‘lmagan davrda uning vakolatlarini bajarish Direktorning birinchi o‘rinbosari tomonidan, u bo‘lmaganida esa direktorning buyrug‘iga muvofiq boshqa o‘rinbosar tomonidan amalga oshiriladi.

Markaz direktori maqomi, tibbiy va transport ta'minoti sharoitlari bo‘yicha vazirga, direktorning birinchi o‘rinbosari vazirning birinchi o‘rinbosariga, direktor o‘rinbosari vazirning o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Markaz xodimlari markaz direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

Markaz direktori, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari, shuningdek, markaz bo‘limlari boshliqlariga tibbiy xizmat ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Bosh tibbiy boshqarmasining muassasalarida amalga oshiriladi.

Markaz xodimlariga egallagan lavozimlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan quyidagi eng yuqori maxsus unvonlar – martaba darajalari beriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Haqiqiy davlat adliya maslahatchisi – markaz direktoriga;
1-darajali davlat adliya maslahatchisi – markaz direktorining birinchi o‘rinbosariga;
2-darajali davlat adliya maslahatchisi – markaz direktori o‘rinbosariga;
2-darajali adliya maslahatchisi – markazning bo‘lim boshliqlariga, direktori yordamchisiga, bosh buxgalterga;
3-darajali adliya maslahatchisi – markazning bosh mutaxassislariga, bosh yuriskonsultiga, kadrlar bo‘yicha bosh inspektoriga, matbuot kotibiga;
1-darajali yurist – markazning yetakchi mutaxassislariga.

Mavzuga oid