O‘zbekiston | 08:35 / 13.12.2018
5150
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti tashkil etilmoqda

Foto: FILIPPO MONTEFORTE/AFP/Getty Images

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA  tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining umumiy soni 71shtat birligidan iborat Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining umumiy soni 5shtat birligidan iborat Angren kon-texnika inspeksiyasi;

“Olmaliq KMK” AJ mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Olmaliq kon-texnika inspeksiyasi;

Qizilqum mintaqaviy inspeksiyasi negizida “Navoiy KMK” DK mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Qizilqum kon-texnika inspeksiyasi tashkil etilmoqda.

Quyidagilar Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamentining asosiy vazifalari etib belgilandi:

radiatsiya va yadro xavfsizligini ta'minlash sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada bo‘lish va atom energiyasidan foydalanish borasidagi faoliyatni amalga oshirishda radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida samarali davlat nazorati va tekshiruvini tashkil etish va ta'minlash;

nazorati ostidagi obektlarda radiatsiya va yadro xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

yadroviy va radioaktiv materiallar bilan ishlashda, atom energiyasidan foydalanishda, yadroviy materiallar, radioaktiv moddalar, ular mavjud bo‘lgan radioaktiv manbalar va radioaktiv chiqindilarni qazib olish, qayta ishlash, tashish, saqlash, foydalanish, ko‘mish hamda jismoniy himoyalash va hisobini yuritishda radiatsiya va yadro xavfsizligini ta'minlash masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish;

atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish sohasidagi xalqaro shartnomalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini ta'minlash.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yangi davlat qo‘mitasi tashkil etilgani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid