O‘zbekiston | 00:12 / 18.12.2018
56603
5 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi sirli gumburlashlar sababini kim aniqlab bera oladi?

Ikki haftadan buyon hech kim oxiriga yeta olmayotgan voqeaga yakuniy nuqtani qo‘yish uchun ancha urindik.

Xabaringiz bor, 6 dekabr kuni Namangan viloyati aholisi kuchli gumburlagan tovushni eshitib hayratga tushgandi. “Ijodkor” xalqmiz, ko‘p o‘tmay portlash “Mingbuloqneft” konida yangi neft manbasi ochilgani tufayli yuz berdi, degan mish-mishlar urchidi.

To‘liq asoslanmagan xulosa bir necha soatlar ichida ko‘plab nashrlarda e'lon qilindi ham. Biroq, ertasiga “O‘zbekneftgaz” bu xabarlarni inkor qildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘z ma'lumotida, viloyat aholisi vakillaridan portlash ovoziga o‘xshash baland tovush eshitilgani haqida xabarlar kelib tushgani, biroq hozircha hodisa vaqti va joyini aniqlashning imkoni bo‘lmagani haqida axborot berdi.

Voqeani joyiga borib o‘rgangan KUN.UZ muxbiri “Mingbuloqneft” konida hech qanday gumburlashga asos bo‘ladigan portlashning asoratlarini ko‘rmaganini ta'kidlab, kondan fotoreportaj ham taqdim qildi.

6 dekabr kuni KUN.UZ ijodiy guruhi bilan Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida edik. Shovqinli gumburlashni eshitdik, ko‘chalarda uchragan mahalliy aholi ham bir-biri bilan mazkur hodisani tahlil qilayotgandi. Voqea o‘tdi-ketdi. Aniqlanmadi.

O‘tgan hafta 14 dekabr juma kuni kunduzi soat 10 larda Namangan hududida yana bir xuddi shunday gumburlash bo‘lgan. Bu tovush Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq, Uychi va Norin tumanlari aholisiga vahimali tarzda eshitilgan.

“Gumburlash kuchli edi. Hatto, deraza oynalari zirillab ketdi. U xuddi yonginamizda bo‘lgan deb o‘yladik...”, deydi Norin tumanilik fuqaro. “Chortoqda ham xuddi portlash singari gumburlash tovushini eshitdik. Xuddi, 6 dekabr kungidek aniq eshitildi”, deydi chortoqlik fuqaro. Kosonsoy tomonlarda esa aholi hech qanday ovoz eshitmagan.

Andijon viloyatining Ulug‘nor va Baliqchi tumanlarida yashovchi aholi aniq-tiniq vahimali gumburlashni sezganlar.

Gumburlash ovozi qanchalik aniq bo‘lmasin, turli tashkilotlarning javoblari shuncha noaniq bo‘ldi.

Biz, mazkur hodisa yuzasidan Namangan viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbari Botirjon Ashurovdan yig‘ilib qolgan savollarimizga batafsil javob olishga urindik.

“Haqiqatda 6 dekabr kuni Namangan viloyati hududida gumburlash tovushi eshitilganidan xabarimiz bor va bu haqda o‘z ma'lumotlarimizni berdik. 14 dekabr kuni soat 10 larda bo‘lgan ikkinchi vahimali tovushni shaxsan men eshitmadim, lekin aholi vakillari mazkur hodisa bo‘yicha murojaat qilishgan. Qarangki, hodisa haqida xalq orasida gap-so‘zlar yursa-da, aniqlik kiritishning iloji bo‘lmayapti.

Chunki, gumburlagan tovush eshitilgan, lekin aholi vakillarining hech kim bu holat bo‘yicha zarar ko‘rgani, tan jarohati olgani haqida hech qayerga murojaat qilmagan. Bundan tashqari, gaz va elektr uzatish liniyalarida avariya holati bo‘lganligi yuzasidan ham ma'lumot yo‘q. O‘sha kuni viloyatda vaziyat tinch bo‘lgan. Gumburlashning qayerda va qachon bo‘lganligi borasida biror manba topilmadi.

Xodimlarimiz barcha hududlarni nazoratdan o‘tkazib chiqishgan. Seysmologiya, gidrometerologiya xizmatlari ob-havo va yer qatlamida biror o‘zgarish bo‘lmaganini aytishmoqda. Tuman hokimliklari, mutasaddi tashkilotlar bilan suhbatlashdik. Hech kim gumburlash bo‘lgan hududni aniq aytib ham bera olmadi. Deylik, hodisa odam omili bilan sodir bo‘lganida kimdir tan jarohati olib, tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan bo‘lishi mumkinmidi? Bunday ma'lumotlar ham yo‘q”, deydi mutasaddi.

Qizig‘i, Namangandagi sirli gumburlashlar o‘sha paytning o‘zida qo‘qqisdan videotasvirga yoki audioyozuvga ham tushib qolmagan. Kimdir, “ko‘kda gumburladi”, deydi, yana birov yerda...

Gumburlash bo‘lganligi esa rost. Chunki, birdaniga yuz minglab odam bir xil vaqtda adashishi mumkin emas.

Yoshligimizdan hech javobi topilmaydigan – “Tungus meteoriti”, “Qor odam”, “Bobil bog‘lari” singari sirli hodisalarni o‘qib ulg‘aydik. Sirli hodisotlar bugungi kunimizda ham bo‘lishi mumkin ekan. Namangandagi bu g‘alati vahimali gumburlashlar ham ularning qatoriga qo‘shiladi, shekilli.

Biz esa mazkur sinoatli hodisani o‘rganishda davom etamiz...

Elmurod Ermatov,

Kun.uz muxbiri

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid