Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jizzaxlik tadbirkor nimadan norozi?
«Oilaviy qolipli non ishlab chiqarish korxonamiz faoliyati to‘xtash arafasida. Jizzax shahar hokimligi joriy yilning oktabr, noyabr oylari uchun ajratilishi kerak bo‘lgan unni asossiz to‘xtatdi. Murojaatimga esa «Qayoqqa borsang bor, yozgan shikoyating o‘zimga kelib tushadi», degan javobni oldim...».
Kun.uz tahririyatiga jizzaxlik tadbirkor Shirinboy Abdraxmonov tomonidan yo‘llangan murojaat ana shunday so‘zlar bilan boshlangan edi.
Oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan Shirinboy aka o‘z murojaatida nohaqlikka duch kelayotgani, korxona faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘layotganini bayon qilgandi.
«2015 yilda yaxshi niyatlar bilan «David Shirin» oilaviy korxonasini tashkil etgandik. Barcha ishlarimizni qonunda ko‘rsatilgan tegishli hujjatlar asosida olib boramiz. Oktabr oyida dislokatsiya asosida ajratiladigan un fondidan berilishi lozim bo‘lgan 3 tonna unni asossiz sabablarga ko‘ra ololmadim. Bu haqda Jizzax shahar hokimligining iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limiga murojaat qilganimda, ular ayrim hujjatlarimda kamchilik borligini aytishdi. Tegishli tashkilotlar tomonidan berilgan xulosalarni qaytadan olishim zarur ekan. Garchi, qo‘limdagi xulosa muddati tugamagan bo‘lsada, men qaytadan ushbu xulosani oldim. Afsuslar bo‘lsinki, menga noyabr oyida ham ajratilishi kerak bo‘lgan unni turli bahonalar bilan berishmadi. Doimiy mijozlarimni yo‘qotmaslik uchun zarariga bo‘lsa-da, bozordan qopini 125 ming so‘mdan un sotib olib, ish faoliyatimni davom ettirdim. Menga keyingi oydan un berilishini va'da qilgan Jizzax shahar hokimligi iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘lim boshlig‘i Rahmatilla Ismoilovga va'dasini eslatganimda ijobiy javob olmadim. Ikki farzandim xorijda ta'lim oladi, har oy ularning ehtiyoji uchun mablag‘ jo‘natishim kerak. Hujjatimda biror kamchilik bo‘lmasa-da men sababsiz ro‘yxatdan chiqarildim», deydi Abduraxmonov o‘z murojaatida.

Tadbirkor suhbat davomida chorasizlikdan bir necha bor huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganini, ayni kunda bu ish bilan tegishli tashkilotlar shug‘ullanayotganiga qaramay hech qanday o‘zgarish yo‘qligini, «yugur-yugur»lar faoliyatiga ta'sir qilayotganini, «keyingi oyda beramiz» degan va'dalardan charchab, hech kimga ishonchi qolmaganini qo‘shimcha qildi.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Jizzax shahar hokimi muovini Baxtiyor Soatov bilan uchrashdik.
«Tadbirkor Shirinboy Abdraxmonovni yaxshi taniyman. Lekin siz aytayotgan muammodan xabarim yo‘q, sizga shuni ayta olamanki, bu yerda qandaydir tushunmovchilik bo‘lgan. Albatta, aybdorlar tegishli jazoni olishadi. Barcha hujjatlarni tekshiramiz, asossiz ravishda tadbirkorlarning ishi to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz», deydi muovin.

Bu izohdan so‘ng shahar hokimligining iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘lim boshlig‘i Rahmatilla Ismoilovga yuzlandik.
«Shirinboy Abdraxmonovga ikki oydan beri fond ajratilmaganining o‘ziga yarasha sabablari mavjud. Qo‘limda Vazirlar Mahkamasining qishloq va suv xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari axborot –tahlil departamentining topshirig‘i bor. Unga ko‘ra, hududdagi standart talablarga va sanitariya me'yorlariga javob bermaydigan qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalarga mavjud salbiy holatlar bartaraf etilmaguncha donni qayta ishlash korxonalari tomonidan un mahsulotlari sotilmasligi belgilangan. Bu topshiriqqa ko‘ra, viloyatimizda ishchi guruhi tashkil qilindi va mavjud 164ta shunday korxonani o‘rganish jarayonida 60ta korxonaga ro‘yxat bo‘yicha faoliyat yuritish uchun vaqtinchalik xulosalar berilgan, un mahsulotlarini imtiyozli narxlarda sotishga tavsiya etilgan. «David Shirin» oilaviy korxonasi topshiriqda ko‘rsatilgan talablarga javob bermagani sababli ro‘yxatga kirtilmagan. Shuni aytishim mumkinki, menda yoki shahar hokimligi vakillarida tadbirkorga nisbatan hech qanday xusumat yo‘q. Tadbirkorga bir necha marta tushuntirishga urinsam ham eshitishni xohlamadi. Bilishimcha, Shirinboy Abdraxmonov tegishli hujjatlar va xulosalarni oldi. Biz tadbirkorga dekabr oyidan o‘tgan oylar uchun fondga ajratilgan un mahsulotini ham yetkazib beramiz», deydi u.
Ko‘rinishidan, tadbirkor va mas'ul idora vakillari o‘rtasida qandaydir ko‘rinmas to‘siq bordek. Tadbirkor navbatdagi va'dalarga ham ishonmadi. Biz esa muammo ijobiy yechim topishiga umid bog‘lab, tadbirkor bilan xayrlashdik.
Ushbu materialni tayyorlar ekanmiz, hikoyamiz qahramoni tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Ma'lum bo‘lishicha, «David Shirin» oilaviy korxonasi tegishli ro‘yxatga kiritilib, belgilangan miqdordagi un mahsulotlari ajratilib berilibdi. Muammo ijobiy hal bo‘lgani yaxshi albatta. Lekin bu masalani OAVga chiqishidan va vakolatli organlar aralashuvidan oldin ham hal qilish mumkin edi-ku? Qachon tadbirkor qarshisidagi byurokratik to‘siqlar barham topadi?..
Gulchehra Sharipova