O‘zbekiston | 00:45 / 21.12.2018
77976
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk ko‘pbrendli avtosalon ochildi

2018 yilning 20 dekabr kuni O‘zbekistonning ilk «aqlli shahri» bo‘lishi kutilayotgan Nurafshon shahrida mamlakatdagi birinchi multibrend avtosalonining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati hokimligi mutasaddilari, «O‘zavtosanoat», GM Uzbekistan kompaniyasi rahbarlari, OAV vakillari, shuningdek, Kun.uz tasvirga olish guruhi ham ishtirok etdi. 

Video: Youtube

Yangi namunadagi zamonaviy avtosalonda «O‘zavtosanoat» tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar, turli yuk mashinalari hamda ehtiyot qismlari sotiladi. Bundan tashqari, shu yerning o‘zida sotilgan transport vositalari hamda boshqa avtomobillarga servis va davriy kafolatli texnik xizmat ko‘rsatiladi. 

Zamonaviy multibrend avtosalonning shourumida doimiy ravishda GM Uzbekistan, SamAvto, JV MAN Auto – Uzbekistan hamda UzAuto Trailer kabi milliy avtosanoat korxonalarining Chevrolet, MAN, Isuzu va Kamaz brendlari ostida ishlab chiqilayotgan transport vositalari bilan tanishish imkoniyati mavjud. Biroq, bu hali hammasi emas. Avtosalonda avtosug‘urta, avtomobil xarid qilish jarayonida davlat raqamlarini rasmiylashtirish kabi xizmatlar ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, siz xarid qilayotgan avtomobil uchun shu yerning o‘zida ochilgan bank filiali orqali to‘lovni amalga oshirishingiz mumkin. 

Tadbir davomida «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisining marketing masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Umidjon Salimov Kun.uz muxbiri bilan kelajakdagi rejalar bilan o‘rtoqlashdi. 

«So‘nggi olti oy davomida tizimda ulkan o‘zgarishlar qilinmoqda. Bu davom ettiriladi, albatta. Bugun ochilgan multibrendli avtosalon ham shunday ijobiy o‘zgarishlardan biri deb o‘ylaymiz. Qayd etish kerak, bunday avtosalon mijozlarning fikrini o‘rganish orqali tashkil etildi. Bunday avtosalonlar kelajakda O‘zbekiston bo‘ylab ochiladi. Shu bilan birga, mazkur avtosalonlarga tyuning qiluvchi firma va kompaniyalarni ham taklif etamiz», - dedi Umidjon Salimov. 

2 oylik qisqa muddat ichida barpo qilingan 2400 m2 ni tashkil etuvchi servis zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan bo‘lib, u yerda «O‘zavtosanoat»ning barcha brendlari uchun istalgan turdagi kafolatli va kafolatdan so‘nggi xizmatlarni ko‘rsatiladi. Multibrend avtosalonining faoliyati ushbu hududda 100 kishini ish bilan ta'minlash imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur modelni yirik uzelli yig‘ish ishlari GM Uzbekistan’ning Toshkent shahridagi filialida amalga oshiriladi. Aytish joizki, kompaniya qisqa muddatlarda 1000 dan ortiq yangi modeldagi avtomobillarni sotgan.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid