Jahon | 08:32 / 22.12.2018
5831
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda avtomobillarni ro‘yxatga olish bilan yangi tuzilma shug‘ullanadi

Foto: Tabyldy Kadyrbekov

Qirg‘izistonda «Unaa» davlat muassasasi tashkil etildi, u avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va haydovchilik guvohnomalarini berish uchun mas'ul bo‘ladi. Bu haqda ushbu davlat hukumati apparatining axborot ta'minoti bo‘limi xabar qildi.

Bosh vazir Muhammadkaliy Abilg‘oziyevning so‘zlariga ko‘ra, avtoulovlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va haydovchilar tarkibi bo‘yicha ishlar jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lyapti.

«Katta navbatlar, hujjatlarni o‘z vaqtida bermaslik va byurokratiya fuqarolarga katta noqulaylik tug‘dirmoqda. Shu sababli, Davlat ro‘yxatdan o‘tkazish xizmati huzuridagi Ixtisoslashtirilgan axborot xizmatlari ko‘rsatish markazi hamda transport vositalari va haydovchilik tarkibini ro‘yxatga olish departamenti tugatiladi. Ularning o‘rniga «Unaa» yangi davlat muassasasi tashkil etiladi», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Vazirlar mahkamasi rahbarining qayd etishicha, inson omilini yo‘qotish maqsadida «Unaa» DK faoliyati to‘liq avtomatlashtirilishini ta'minlash zarur.

«Noyabr oyida avtomobillarni ro‘yxatga olish tizimida aniqlangan korruptsion mexanizmlar davlat siyosati prinsiplari va mamlakatni raqamlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarga mos kelmaydi. Yaqin kelajakda biz barcha tayyorgarlik ishlarini yakunlashimiz va shaffof tanlov orqali yangi xodimlarni ishga olishimiz kerak», - dedi Muhammadkaliy Abilg‘oziyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda prezidentning g‘azabiga uchragan transport vaziri ishdan ketgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid