Jahon | 08:14 / 23.12.2018
4626
2 daqiqa o‘qiladi

Kuba parlamenti yangi konstitutsiya loyihasini ma'qulladi

Foto: Globallookpress

Kuba Xalq hokimiyati milliy assambleyasi (bir palatali parlament) deputatlari 22 dekabrda mamlakatning yangi konstitutsiyasi loyihasini ma'qullashdi. Loyiha bo‘yicha referendum 2019 yil fevralida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Prensa Latina nashri ma'lum qildi. 

Ta'kidlanishicha, 583 deputat konstitutsiyaning Kuba fuqarolari bilan maslahatlashib ishlab chiqilgan yangi variantini qo‘llab-quvvatlashgan.

Yangi konstitutsiya 24 fevralda umumxalq referendumiga qo‘yiladi. Konstitutsiyaga kiritish rejalashtirilayotgan muhim o‘zgarishlar orasida xususiy mulkning qisman tan olinishi va kommunizm qurishdan voz kechish, prezident va bosh vazir lavozimlarini ta'sis etish, oliy davlat lavozimini egallashni 2 ta 5 yillik muddat bilan cheklash kabilar bor. Shu bilan birga yangi konstitutsiyada davlatning sotsialistik xarakterda ekanligi va kommunistik partiyaning jamiyat hayotidagi boshqaruvchi roli haqidagi bandlar saqlanib qolinadi.

Yangi konstitutsiyani ishlab chiqish zarurati amaldagi konstitutsiya 1976 yilda qabul qilinganidan keyin mamlakatda muxim ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar yuz bergani sababli yuzaga kelgan. Hujjatni tayyorlash bilan aprelda mamlakat yetakchisi lavozimini tark etgan, biroq Kuba kompartiyasi markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi bo‘lib qolayotgan 87 yoshli Raul Kastro boshchiligidagi maxsus komissiya shug‘ullangan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid