Jamiyat | 16:54 / 23.12.2018
17550
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahridagi bir necha ijtimoiy obektlar foydalanishga topshirildi

Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov, shahar hokimi Furqat Rahimov, viloyat va shaharning boshqa faollari 22 dekabr kuni viloyat markazidagi 4-oilaviy poliklinikaning yangi binosini ochib berishdi.

Ochilish marosimida E.Turdimov mamlakatimizda tibbiyot sohasini isloh qilishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida so‘nggi yillarda tub o‘zgarishlar amalga oshirilayotganligini ta'kidlab o‘tdi.

Ta'kidlash lozimki, viloyatda joriy yilning o‘zida «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi asosida zamon talablariga mos 17ta davolash-profilaktika muassasalari foydalanishga topshirildi. Ushbu muassasalarning qurilishi, ularni zarur tibbiy uskunalar bilan ta'minlanishi va jihozlanishi uchun davlat byudjyetidan 12 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. Shu asnoda Investitsiya dasturi asosida Samarqand shahrida 5ta davolash-profilaktika muassasalari qurildi va bunyodkorlik ishlari olib borildi. 4-oilaviy poliklinika shulardan biridir.

— Muassasamiz 1954 yili kattalar poliklinikasi sifatida ish boshlagan, — deydi tibbiyot maskani bosh vrachi To‘lqin Suvonov. — Muassasaning eski binosida zaruriy tibbiy xizmat uchun yetarli sharoit yo‘q edi. Uning quvvati ham atigi 110ta qatnovga mo‘ljallangan edi. Vaholanki, muassasamiz shahardagi 25 mahallada yashovchi 45 ming aholiga birlamchi sanitar-tibbiy xizmat ko‘rsatardi. Yangi binoda barcha imkoniyatlar muhayyo qilingan. Quvvati qariyb ikki baravarga oshib, kuniga 200 qatnov amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, E.Turdimov shu kuni shahardagi nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini foydalanishga topshirish marosimlarida ham ishtirok etdi.

Ulardan birinchisi Nodirabegim ko‘chasida joylashgan Kinder City nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘ldi. Muassasa rahbari Nilufar Do‘sanovaning aytishicha, mazkur bolalar bog‘chasida 7ta guruhda (ularning har birida 18tadan joy bor) 100dan ziyod jajji bolakaylar tarbiyalanishi mumkin. Ayni kunda bog‘cha o‘z bag‘riga 20 nafar bolakayni qabul qilgan.

 

Bolalar bog‘chasi barcha qulayliklarga ega. Zamonaviy isitish va shamollatish tizimi bilan ta'minlangan. Autsorsing tizimida oziq-ovqat bilan ta'minlanadi.

E.Turdimov o‘z tabrik so‘zida viloyatda ayni paytda 50ta xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyat boshlaganini ma'lum qildi. Umuman, viloyatda maktabgacha ta'lim muassasalari soni 501 tani tashkil etib, 2018 yil davomida maktabgacha yoshdagi bolalarning 25 foizi qamrab olingan.

Rizo Hoshimov ko‘chasida joylashgan Timur-Fayz nodavlat ta'lim muassasasi 5 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni o‘qituvchi nodavlat ta'lim muassasasi hisoblanadi. Ayni paytda bu yerda 5-6 yoshdagi maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalar va 4ta sinf o‘qitilmoqda. Mazkur maktabda ingliz tili chuqurlashtirilib o‘rgatiladi.

Ta'lim obektlarni ochgan viloyat hokimi nodavlat ta'lim muassasalarida ta'lim sifati birinchi o‘ringa chiqishini alohida qayd etib, ularni barpo etgan tadbirkorlar va pedagoglarga tashakkur bildirdi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid