O‘zbekiston | 08:38 / 24.12.2018
29520
13 daqiqa o‘qiladi

Nafaqadagi shifokorlarning dodini kim eshitadi?

Foto: Pixabay

Kun.uz sayti pochtasiga o‘zlarini qiynab turgan muammolar yuzasidan ko‘plab fuqarolar murojaat yo‘llashadi. Quyidagi maktubni jo‘natgan mushtariy nafaqat o‘zi va oilasini, balki juda ko‘pchilik sobiq shifokorlar, hozirgi kunda pensionerlarning dardini yoritgan. Maktub mazmuni saqlangan holda juz'iy tahrirlash bilan taqdim etilmoqda.

«Murojaatim orqali Sog‘liqni saqlash vaziriga, O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kasaba uyushmasi raisiga o‘z fikrlarimni bildirmoqchiman.

Men respublikamizdagi ko‘p sonli nafaqadagi shifokorlardan biriman. 73 yoshdaman, deyarli 40 yil mobaynida turli lavozimlarda ishlab, oxirgi 18 yildirki, mehnat nafaqasidaman. Bundan ikki yil oldin hayotimda birinchi marta yoshga bog‘liq urologik xastalik bilan viloyat kasalxonasiga yotib davolanish zarur bo‘lib qoldi. Ozroq bo‘lsa ham moddiy tomondan yordam bo‘lishini ko‘zlab, yashash joyimdagi tibbiyot birlashmasidan order olib, viloyat shifoxonalaridan birida 15 kun davolanib chiqdim.

Ancha vaqtdan keyin bilishimcha, yashash joyimdagi tibbiyot birlashmasiga prokuraturadan tekshiruvchilar kelib, o‘sha order menga noto‘g‘ri berilganini bildirishgan va kam ta'minlanganlar toifasiga kirmaganligim uchun order bergan shifokorning ustidan dalolatnoma yozib, ma'muriy jazoga tortishgan ekan.

Bechora shifokor uzoq yillar birga ishlaganimiz va meni ma'lum darajada o‘zining ustozi deb bilib, yordam qilgani uchun jazo olgan ekan!

Barchaga ma'lumki, prokuratura xodimlarining o‘zlari ham, hokimiyatlarda ishlovchi mulozimlar ham kam ta'minlanganlar hisobiga kirishmaydi. Lekin ular nafaqat o‘zlari, balki oila a'zolarini ham bir so‘m sarflamay davolatishadi-ku?! Bundan tashqari, IIB xodimlari, temiryo‘l xizmatchilarining ham o‘z poliklinikalari, shifoxonalari, hattoki sanatoriylariga ega. Ular va ularning oila a'zolari kerakli paytda shifoxonalarda bepul davolanishadi, har yili sanatoriylarda dam olishadi, nafaqaga chiqqanlari ham aytilgan imtiyozlardan to‘liq foydalanishadi. Eng hayron qolarlisi shundaki, bu sanab o‘tilgan «yuqori martabali» mulozimlar va fuqarolarga ham davolanishlarida, sanatoriylarda dam olishlarida shifokorlar xizmat kilishadi. Lekin shifokorlar o‘zlari zarurat tug‘ilganda shifoxonalarda pul to‘lab, dori-darmonlarni o‘z puliga sotib olib davolanishadi. Hatto markaziy shifoxonalarda davolanishlari uchun order olishlari ham mumkin emas ekan.

Hech bo‘lmasa, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan markaziy shifoxonalarda, poliklinikalarda tibbiyot xodimlari navbatsiz qabul qilinsin, degan ko‘rsatma ham chiqarilmagan. Natijada, viloyatlardagi va poytaxtdagi tibbiyot muassasalariga davolanish yoki maslahat (konsultatsiya) uchun kelgan, keksayib, o‘zlari bemorga aylangan shifokorlar navbat kutish bilan ertadan kechgacha sarson bo‘lishmoqda. «Bo‘zchi belboqqa yolchimaydi», deganlari shu bo‘lsa kerak-da...

Buning isboti sifatida quyidagilarni diqqat bilan o‘qing.

2017 yili rafiqamni (u kishi ham 30 yil vrach bulib ishlagan, hozir 72 yoshda, ikkinchi guruh nogironi) Toshkent shahridagi travmatologiya ortopediya ilmiy tekshirish institutiga chap oyoq tizza bo‘g‘imidagi kuchli og‘riq bilan aniq tashxis qo‘ydirish va davolatish uchun olib bordim.

Kechasi bilan uyqusiz yo‘l yurib, ertalab soat 8:00da ro‘yxatxonaga yetib keldik. 15–20 daqiqa navbatda turdik, keyin ultra tovush tekshiruvi (UZI) xonasiga kirish uchun 1,5 soat navbat kutdik. UZI xulosasi uchun kassaga pul to‘lashga yana 15 daqiqa navbatda turishga to‘g‘ri keldi. UZI xulosasini olish uchun yana yarim soat kutdik, endi vrach qabuliga kirish uchun yana 35–40 daqiqa navbat. Qabul qilgan vrach esa taksi 15 000 so‘mga olib boradigan manzildagi MRT (magnit rezonansli tomografiya)ga jo‘natdi.

Xullas, jami bulib 3 soat har xil navbatlarda turganimizdan keyin taksiga o‘tirib, MRT qildiradigan joyga 1 soatda yetib bordik, u yerda juda muloyimlik bilan kompyuter ro‘yxatiga olishdi, kassaga pul to‘lab, kech soat 17:00da, ya'ni 4 soatdan keyin navbatimiz kelishini aytishdi. Aslida UZI qilingandan so‘ng MRTga zarurat yo‘q edi — men o‘zim vrach bo‘lganim uchun buni yaxshi bilar edim. Lekin poytaxtdagi vrachga aql o‘rgatishdan o‘zimni tiydim.

Bir ilojini qilib, 2 soatdan keyin (bizni yuborgan vrachning qo‘ng‘irog‘idan so‘ng) MRTga ham tushib, xulosasini 40 daqiqa kutib, nihoyat oldik. Yana taksiga chiqib qaytib kelsak, haligi vrach qabuliga ikkinchi marta kirish uchun qaytadan navbatga turishimiz kerak ekan, ichkariga qo‘yishmadi.

Oyog‘i yurishga yaramaydigan 72 yoshli bemor bilan ertalabdan kechgacha sarson bo‘lgan mening ahvolimni ko‘z oldingizga keltiring. UZIga, ayniqsa, zarurati bo‘lmagan MRT qildirish uchun uzoq yo‘lga 2 soat sarflab borib, yana 2,5 soat navbat kutishni va unga behuda to‘langan pullarni aytmaysizmi? Axir biz ikkalamiz ham uzoq muddat, 30–40 yil ishlab nafaqaga chiqqan vrachlarmiz-ku?!

Shundan keyin asabim chidamay tortishishga majbur bo‘ldim va bo‘lim boshlig‘ini chaqirishlarini talab qildim. U ayolning aralashuvi bilan vrach qabuliga qayta kirishga erishdik. Qayta ko‘rgan vrach tizza bo‘g‘imiga endoprotez (metalldan yasalgan sun'iy bo‘g‘im) qo‘yish lozimligi, bunday endoprotezni qandaydir xususiy korxonadan 4.000 dollarga sotib olishimiz kerakligini tushuntirdi. Men esa bunga imkoniyatimiz yo‘qligini aytdim. Oxirgi natija esa 3–4 xil dori yozib berish bilan yakunlandi va o‘sha kuni kechqurun vodiyga qaytdik. Hozir chap oyoq tizzasi bukilmaydigan bo‘lib qolgan turmush o‘rtog‘im endi Toshkentga borishni umuman xohlamaydi.

Nima uchun o‘sha MRT apparati travmatologiya-ortopediya ilmiy tekshirish institutining o‘zida yo‘q? Axir bu institut yurtimizda yagona va bu yerga butun respublikamizdan bemorlar kelishadi-ku?! Bizga o‘xshagan boshqa viloyatlardan kelgan bemorlarni esa, vrach qo‘lida aniq tashxisi yozib berilgan sifatli UZI natijasi (qog‘ozga tushirilgan bo‘g‘im surati) bo‘lsa-da, tizza bo‘g‘imini qaytadan tekshirtirish uchun uzoq masofada joylashgan, kimningdir xususiy MRTsiga yuborishlari, sizlarga bilmadimu menga g‘alatiroq tuyuldi (bosh miya, orqa miya va ichki a'zolarning chuqur qismlarini tekshirish boshqa masala).

O‘sha, bizga tavsiya qilingan endoprotezni esa travmatologiya ilmiy tekshirish instituti o‘zi chet eldan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, o‘rtadagi xususiy korxonani aralashtirmay olib kelsa, bemorlar uchun narxi sezilarli darajada arzon bo‘lishi aniq. Fikrimcha, yo bu institutda bemorlar manfaatini ko‘zlab harakat qiladigan rahbar yo‘q, yoki o‘sha xususiy korxona bu yerda ishlayotgan rahbarlardan birortasiga tegishli. Shuning uchun shunday davom etishi «ma'qulroq» shekilli. To‘g‘risini aytsam, 30–40 yil davomida bemorlarning dardini yengillashtirish va ularni davolash maqsadida arzimagan oylik maosh evaziga kechayu-kunduz mehnat qilib, yoshimiz keksayib o‘zimiz tibbiy yordamga muhtoj bulib qolgan davrimizda, bizga nisbatan yuqorida aytilganday munosabatda bo‘lishsa, alam qilar ekan.

Yana ham ajablanarli holatlardan biri shuki, mening kelinim 20 yildan beri shifoxonalardan birida (ko‘pchilik qatori) o‘rta tibbiyot xodimi bo‘lib ishlaydi. Amaldagi qoidalar bo‘yicha ular har 6 oyda, 1 yilda har xil laboratoriya tekshiruvlaridan (ba'zilari uchun viloyat markaziga ikki martalab borib kelish kerak), yilda bir marta esa umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart. Tabiiyki, hozir barchasiga pul to‘lanadi. Bularning oxirida «ishlashga ruxsat» olish uchun yana pul to‘lash kerak. Buni qarang, o‘rta tibbiyot xodimi o‘zi arzimagan 300–350 ming so‘m maoshga ishlashiga qaramay, davlat tibbiy muassasasiga ko‘rsatilgan xizmat uchun pul to‘lashi kerak!

OIVga tekshirish — 38.000 so‘m, DSENMdagi analizlarga — 66.500 so‘m, RV-ga va rentgenga — 42.500 so‘m, tibbiy ko‘rik uchun — 15.000 so‘m va h.k.) va bu narxlar har yili oshib boradi. Bunday «olijanobliklar»ni qaysi «oltin kallali» rahbar o‘ylab topgan, hayronman? Bechoralar bir oyda atigi 2–3 marta, ba'zan 4 marta 15 soatlik navbatchilikka borishadi. Bu bor-yo‘g‘i 0,25 stavkani, pul holida esa 300–350 ming so‘mni tashkil qiladi, xolos. Oladigan maoshlari ishxonadagi har-xil pul yig‘ishlarga va yo‘lkiralariga zo‘rg‘a yetadi. O‘ziga, uyiga, ro‘zg‘origa bola-chaqasiga esa hech narsa qolmaydi. Hattoki, navbatchilik davrida yeydigan oziq-ovqatlarini ham uydan olib ketishadi.

Yuqoridagi «pullik xizmatlarni ixtiro» qilgan rahbarlarlarning tibbiyot sohasidagi vaziyatdan umuman xabarlari yo‘qqa o‘xshaydi. Ularga poytaxtdagi hashamatli kabinetlarida savlatini namoyish qilib o‘tirmasdan, hech bo‘lmasa biror-bir buyruqni chiqarishdan avval viloyat va tumanlarga chiqib, haqiqiy vaziyatni o‘rganishlari kerakligini eslatib qo‘ymoqchiman.

To‘g‘ri, ortiqcha o‘rta tibbiy xodimlarni qanday band qilish kerak, degan tabiiy savol tug‘iladi. Buni ancha yillar oldin «katta, aqlli» rahbarlar hisob-kitob qilishlari va bunday xodimlarga ehtiyojni hisobga olgan holda tibbiyot kollejlariga qabul qilinadigan talabalar sonini muvofiqlashtirishlari lozim edi. Endi hozirgi ish o‘rinlari yetishmay bitta ish o‘rniga 4–5 nafar xodim to‘g‘ri kelib turgan (ko‘pchilik diplomli hamshiralar ishsiz, yoki savdo-sotiqqa chiqib ketishgan) davrda ham kollejlardan xuddi konveyerdan chiqayotganday o‘rta tibbiyot xodimlari chiqarilishi davom etib, qanchadan-qancha davlat mablag‘lari behuda sarflanmoqda.

Yuqorida aytilganlar asosida quyidagi takliflarimga o‘z fikrlaringizni bildirasiz deb umid qilaman:

1. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan barcha tibbiyot muassasalarida tibbiyot xodimlari va ularning oila a'zolari navbatsiz qabul qilinishi va bu masalada tegishli yozuvlar ilib qo‘yilishi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berilishi;

2. Tibbiyot sohasida ishlayotgan xodimlar, ishlab nafaqaga chiqqan va nogiron bo‘lgan xodimlarga barcha tibbiy xizmat turlari (davolanish, tibbiy ko‘riklardan o‘tish, har xil tahlillar, rentgen, laboratoriya xizmatlari va h.k.) hech qanday to‘lovlarsiz bajarilishi;

3. Nafaqaga chiqqan tibbiyot xodimlarini alohida ro‘yxatga olib, kasaba uyushmalari tomonidan navbati bilan yiliga bir marta sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar berilishi;

4. Barcha tibbiyot muassasalarida ishlayotgan o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari sonini belgilangan ish o‘rinlariga nisbatan taqqoslab qayta ko‘rib chiqish, hech bo‘lmasa nafaqaga chiqishiga amaldagi qonun buyicha 10 yil qolgan xodimlarning ish soatlarini eng kamida 1 stavka miqdorida ta'minlash chorasi iloji boricha tezroq ko‘rib chiqilishi;

5. Hozirgi davrda nihoyatda ko‘paygan xususiy UZI, MRT, qon tahlili va shunga o‘xshash tashxis qo‘yishga aloqador bo‘lgan apparatlar egalari — «tibbiy tadbirkorlar» tomonidan yordamga muhtoj bo‘lib qolgan bemor insonlar noilojligidan foydalangan holda o‘zlari istagan narxlarni qo‘yib tashlanishidan himoya qilinishi, ya'ni, ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini ma'lum doirada, kerakli hisob-kitoblarga (monitoring) asoslangan holda chegaralab qo‘yish kerak, deb hisoblayman.

Men bu gaplarni o‘zimning misolimda barcha tibbiyot xodimlarining manfaatlarini, huquqlarini qandaydir darajada himoya qilish maqsadida va tibbiyot sohasini boshqarayotgan ko‘pchilik rahbarlarga va hozir shu sohada ishlab turgan yoshlarga ular ham vaqti kelib nafaqaga chiqishlari, keksaygan paytlarida o‘zlari va oila a'zolari ham xuddi biz singari holatlarga tushishlari mumkinligini eslatib qo‘yishni burchim, deb hisobladim.

Yahyojon AKBAROV,
Asaka tumani».

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid