O‘zbekiston | 14:43 / 26.12.2018
5336
2 daqiqa o‘qiladi

​«O‘zatom»: AES qurilishi bo‘yicha Muhandislik tadqiqotlari dasturi tasdiqlandi

Toshkentda «O‘zatom» agentligi va «Rosatom» davlat korporatsiyasi  ishchi guruhlarining dastlabki kengashi bo‘lib o‘tdi. ​O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya delegatsiyasiga «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktorining operatsion boshqaruv bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - «IK» AES AJ prezidenti Aleksandr Lokshin boshchilik qildi.

​«O‘zatom» agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, yig‘ilish davomida O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish uchun maydon tanlash maqsadida muhandislik tadqiqotlariga oid ishlar holati to‘g‘risida ma'lumot berilgan. Shuningdek, «O‘zatom» agentligi tomonidan Muhandislik tadqiqotlari dasturi tasdiqlangan. 
 
​Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoniga ushbu loyihaga asosan dastlabki shartnomalarning loyihalari  berildi. «Rosatom» davlat korporatsiyasi ham O‘zbekiston Respublikasida birinchi AES qurilishi loyihasi bo‘yicha kontraktatsiyaga yondashuvlar to‘g‘risidagi materiallarni va muzokaralarning maqsadli rejasini taqdim qildi. Tomonlar shartnomalarga oid muzokaralarni 2019 yilda boshlashni mo‘ljallamoqda.

​Ta'kidlash joizki, 2018 yilning 7 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Oripov va Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev O‘zbekistonda Rossiya texnologiyalari asosida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha ikki mamlakat hamkorligi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzolagan. Loyihaga muvofiq,  O‘zbekistonda SSER-1200 reaktorli ikki energoblok qurilishi rejalashtirilgan.

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid