O‘zbekiston | 08:27 / 26.12.2018
5599
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatida qovun yetishtirish hajmlari ko‘paytiriladi 

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xorazm viloyatida qovun yetishtirish hajmlarini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati hokimligining Xorazm viloyatida qovun yetishtirish hajmlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha takliflari ma'qullanishi mumkin.

Belgilanishicha:

“O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zagroeksport” AJ, Xorazm viloyati hokimligi qovun yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan qayta ishlovchi va eksportyor tashkilotlar o‘rtasida mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha har yili 1 mart kunigacha shartnomalar tuziladi va bo‘nak mablag‘lari ajratiladi;
         
“O‘zneftmahsulot” AJ, “O‘zagrokimyohimoya” AJlari tomonidan belgilangan tartibda fermer, dehqon, issiqxona xo‘jaliklari, klasterlar, ilmiy-tadqiqot muassasalariga qovun urug‘lari va mahsulotlarini yetishtirish uchun yonilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlari shartnomalar asosida yetkazib beriladi;
         
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Xorazm viloyati xokimligi bilan birgalikda har yili 1 iyunga qadar fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan ekilgan qovun maydonlarni nazorat o‘lchovidan o‘tkazadi va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.

Quyidagilar:
         
Xorazm viloyatida 2019-2020 yillarda qovun mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;

Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligi sohasida foydalanilmay turgan yer maydonlaridan samarali foydalanish uchun 2019-2020 yillarda qovun joylashtirish va yalpi hosil prognoz ko‘rsatkichlari;
         
Xorazm viloyati tumanlarida 2019-2020 yillarda qovun ekish uchun issiqxonalar tashkil etish prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda har bir hududning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, qovun ekinlarini fermer xo‘jaliklari kesimida joylashtirish va ekilishini ta'minlaydilar.
     
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, Fanlar Akademiyasi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi:

dunyodagi rivojlangan davlatlarning qovun mahsulotlarini tur va navlari bo‘yicha import qilish hajmlarini o‘rganish va ushbu davlatlarning talablaridan kelib chiqib, respublikada qovun mahsulotlarini eksportga chiqarish;

viloyatda eksportbop qovun yetishtirishni yo‘lga qo‘yish uchun hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga va issiqxonaga mos, serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli qovunning nav va duragaylar urug‘larini xorijiy mamlakatlardan olib kelish yuzasidan asoslangan takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritadilar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid