O‘zbekiston | 12:40 / 27.12.2018
37025
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat soliq qo‘mitasi raisiga yana 3 nafar o‘rinbosar tayinlandi

Foto: Xalqaro press-klub

Toshkent tumani hokimi Hotambek Anvarovich Shakirov Davlat Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Davlat Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar qilishicha, qo‘mita raisiga jami 4 nafar o‘rinbosar tayinlangan.

1970 yilda tug‘ilgan Hotambek Shakirov 1993 yili Toshkent elektrotexnika aloqalar institutini (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari instituti), 2004 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. U soliq organlari tizimidagi faoliyatini 1999 yilda boshlagan. 2015 yil martidan 2017 yil iyuliga qadar Davlat Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan, 2017 yilning iyul oyi oxirida yangidan tashkil etilgan Toshkent tumaniga yangi hokim etib tayinlangandi.

Shuningdek, Hisob palatasida sektor mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Bahodir To‘xtamishevich Turobov (u turli yillarda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatida rais o‘rinbosari,  «O‘zpaxtasanoateksport» kompaniyasida boshqarma boshlig‘i bo‘lib ham ishlagan) hamda qo‘mitaning ichki xavfsizlik boshqarmasida ishlab kelgan Mirziyod Mirvohidovich Mahkamov ham Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan.

Bundan avvalroq Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayev Soliq qo‘mitasi raisiga birinchi o‘rinbosar bo‘lgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning iyunida Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlaridan biri Normat To‘lqinovich Tursunov Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga o‘tkazilgan, Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Olimjan Elchiyevich Fayziboyev esa Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Ayni vaqtda Olimjon Fayziboyev lavozimini saqlab qolgan. Qo‘mita raisi o‘rinbosarlaridan biri, 2010 yildan buyon shu lavozimda ishlab kelgan Erkin Fayziyevich Gadoyev esa Moliya vazirligi tizimiga o‘tkazilgan.

Mavzuga oid