Sport | 18:10 / 27.12.2018
17353
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Yilning eng yaxshi sportchisi» milliy kubogi sohibi aniqlandi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Bugun, 27 dekabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida maxsus komissiya 2018 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning eng yaxshi sportchisi sifatida kimni tan olish masalasini muhokama qildi.

Yig‘ilishda sport federatsiyalar(uyushmalar)idan kelib tushgan takliflar ko‘rib chiqilib, 2018 yil yakunlari bo‘yicha milliy terma jamoa a'zolarining kompleks musobaqalar va jahon chempionatlaridagi ishtiroki tahlil etildi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, shu yil o‘tkazilgan jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlari va Argentinada o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi III Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan 28 nafar sportchi «Yilning eng yaxshi sportchisi» O‘zbekiston Milliy kubogiga da'vogar sifatida ilgari surilgan. Bekzod Abdurahmonov, Mo‘minjon Abdullayev, Diyorbek O‘rozboyev, Isroil Madrimov, Svetlana Radzivil, Vadim Menkov, Denis Istomin kabi yulduz sportchilar ana shular jumlasidan.

«1-10 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida 102 kilogrammgacha vazn toifasida dast ko‘tarishda jahon rekordini yangilab, oltin medal bilan taqdirlangan Akbar Jo‘rayev mamlakatimizda yilning eng yaxshi sportchisi nomiga boshqalardan ko‘ra munosibroq ekani ta'kidlandi», – deyiladi xabarda.

O‘sha chempionatda 19 yoshli atlet ikkikurashda yoshlar o‘rtasida jahon rekordini yangilagan, amaldagi olimpiya o‘yinlari chempioni hamda yoshlar o‘rtasida jahon chempioni kabi kuchli raqiblarni ortda qoldirgan edi. Ashxoboddagi JChda ishtirok etgan o‘zbekistonlik 12 sportchi orasidan faqat Jo‘rayev oltin medalga ega chiqdi.

Shuningdek, Akbar Jo‘rayev bahorda yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi, yozda yoshlar o‘rtasida jahon chempionati kumush medalini qo‘lga kiritdi. Dekabr oyida Dohada o‘tkazilgan Tokio-2020 olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun reyting ochkolarini to‘plash imkonini beruvchi nufuzli xalqaro musobaqada uchta medal egasiga aylandi.

Ta'kidlanishicha, Toshkent viloyatida tug‘ilgan ushbu yosh sportchiga mutaxassislar o‘zbek og‘ir atletikasining kelajagi sifatida qarashmoqda va u 2018 yil mobaynidagi ajoyib natijalari bilan bunday ta'rif berilgani bejiz emasligini amalda isbotlay oldi.

Komissiya a'zolari Akbar Jo‘rayevni «Yilning eng yaxshi sportchisi» O‘zbekiston Milliy kubogi, belgilangan namunadagi guvohnoma hamda 10 000 (o‘n ming) AQSh dollariga teng miqdoridagi pul mablag‘i bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qarorni quvvatlab, yakdillik bilan ovoz berishdi.

Ma'lumot uchun, hukumatning 1996 yil 20 dekabrdagi «Yilning eng yaxshi sportchisi» O‘zbekiston milliy kubogini ta'sis etish to‘g‘risida»gi 452-sonli qaroriga asosan, O‘zbekistonda har yili an'anaviy tarzda eng yaxshi natija ko‘rsatgan sportchi taqdirlab kelinmoqda. Yilning eng yaxshi sportchisini aniqlash mazkur qaror bilan tasdiqlangan respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi

Qo‘shimcha sifatida, ertaga, 28 dekabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi ham o‘z tasnifiga ko‘ra O‘zbekiston tarixida ilk marotaba «Milliy sport mukofoti – 2018» tantanali taqdirlash marosimini o‘tkazadi. «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida o‘tadigan bayram kechasida o‘ndan ortiq yo‘nalishlarda yil laureatlari taqdirlanadi.

Mavzuga oid