O‘zbekiston | 18:23 / 02.01.2019
71724
4 daqiqa o‘qiladi

Suyunchi puli qanday tartibda beriladi?

Foto: Fotolia

Amaldagi qonun hujjatlarida “suyunchi puli” degan rasmiy tushuncha mavjud emas va bu bola tug‘ilganda davlat tomonidan beriladigan bir martalik nafaqaning xalq orasidagi nomidir.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002 yil 8 mayda 1136-soni bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa (suyunchi) ota-onadan biriga yoki uning o‘rnini bosadigan shaxsga asosiy ish yoki o‘quv joyi bo‘yicha bir marotaba to‘lanadi.

Bolaning onasi ishlamaydigan va o‘qimaydigan hollarda nafaqa bolaning ishlaydigan yoki ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiydigan otasi yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarga to‘lanadi.

Ishlamaydigan va o‘qimaydigan ota-onalarga bola tug‘ilganda nafaqa byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limlari tomonidan tayinlanadi va to‘lanadi.

Uning miqdori qonun hujjatlari bilan bola tug‘ilgan sanada belgilangan eng kam ish haqining 2 baravarini tashkil etadi. Ikki va undan ko‘p bola tug‘ilganda yoki farzandlikka olinganda nafaqa har bir bolaga shuncha miqdordan to‘lanadi.

Bola tug‘ilganda beriladigan nafaqadan daromad solig‘i ushlanmaydi. Bola o‘lik tug‘ilgan hollarda nafaqa to‘lanmaydi.

Nafaqa olish uchun quyidagi hujjatlar ish (o‘qish) joyiga yoki pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limiga topshirilishi lozim:

FHDYo organlari tomonidan berilgan bolaning tug‘ilganligi haqidagi ma'lumotnomani, ma'lumotnoma yo‘qotilgan taqdirda - dublikatini;

boshqa ota (ona)ning ish joyidan (xizmat, o‘qish joyidan) bola tug‘ilganda unga nafaqa tayinlanmaganligi haqidagi ma'lumotnomani (agar ota-onaning ikkalasi o‘qisa yoki ishlasa).

Ushbu hujjatlar tegishli ariza bilan bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy ichida taqdim etilishi zarur. Bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa to‘lash to‘g‘risidagi arizalar pensiya jamg‘armasida yuritilgan maxsus kitobga ro‘yxatga olinadi va 10 kundan kechiktirmay to‘lanadi.

Bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa ish (o‘qish) joyidan to‘langanda odatda xodimning ish haqiga qo‘shib to‘lanadi.

Adliya vazirligida 2015 yil 5 mart kuni 2657-son bilan ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni to‘lashni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ko‘ra ishlamaydigan shaxslarga — ularning yashash joylari bo‘yicha Xalq banki filiali maxsus kassasi yoki ularning xohishiga ko‘ra pul mablag‘larini fuqarolarning depozit hisob raqamlariga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan tijorat bankining filiali orqali to‘lanadi.

Dilshod Abduqodirov, huquqshunos

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid