Jahon | 18:19 / 10.01.2019
38267
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Rossiyaga tahdid qildi

Foto: REUTERS

Agar tomonlar neft sohasida soliq manyovri munosabati bilan tovon to‘lash bo‘yicha kelishuvga erisha olmasa, Rossiya Belarus ko‘rinishida g‘arbiy yo‘nalishdagi yagona ittifoqchisini yo‘qotishi mumkin. Bu haqda 10 yanvar, payshanba kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ma'lum qildi. Uning so‘zlari TASS tomonidan keltirilgan.

Lukashenkoning ta'kidlashicha, bu masalada Rossiya bilan kelishuvlar yo‘qligi mamlakat uchun fojia bo‘lmaydi. «Agar Rossiya rahbariyati bunday harakat va g‘arbiy yo‘nalishda yagona ittifoqchisini yo‘qotish yo‘lini tanlasa, bu ularning tanlovidir. Biz ularni majbur qila olmaymiz», - deya aniqlik kiritdi u.

Belarus yetakchisi respublika hukumatini Rossiya soliq manyovri bilan bog‘liq bo‘lgan Belarus budjeti yo‘qotishlarini qoplash uchun boshqa «ishonchli manbalarni» topishga chaqirdi. Shu bilan birga, Lukashenkoning qayd etishicha, Belarus uchun qo‘shimcha 400 million dollar daromad topish «muammo emas».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lukashenko Belarus va Rossiyaning birlashishi bo‘yicha gap-so‘zlarni rad etgandi.

Mavzuga oid