O‘zbekiston | 14:36 / 11.01.2019
13401
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Toyloq tumanidagi Pet Agro Oil qo‘shma korxonasida bo‘lib, yog‘-moy ishlab chiqarish texnologiyasini ko‘zdan kechirdi.

Korxona 2017 yilda Shimoliy Irlandiyaning Nortec Estate LLP kompaniyasi hamda O‘zbekistonning Tony Green firmasi tomonidan tashkil etilgan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish va qadoqlashga ixtisoslashgan. Italiya, Avstriya, Turkiya, Shveytsariya, Hindiston, Bolgariya va Xitoy davlatlaridan 7 million dollarga zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan.

Bugungi kunda korxona faoliyatini kengaytirish ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada kuniga 350 tonna o‘simlik yog‘i, 3 ming tonna tomat pastasi, 2 ming 500 tonna olma konsentrati ishlab chiqariladi. Korxona to‘liq quvvat bilan ishlagach 800 nafar kishining bandligi ta'minlanadi.

Shu yerda Samarqand viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalariga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

2019 yilda viloyatda 355 million dollar investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. O‘zbekistonning Xitoy, Turkiya va Ispaniyadagi elchixonalari hamda Gretsiyadagi konsulxonasi viloyat tumanlariga biriktirilgan.

Ushbu vakolatxonalar rahbarlari mahalliy hokimliklar bilan birga shakllantirilgan investitsiya loyihalarini taqdim etdi.

Davlat rahbariga Xitoyning Henan Wanbang Selected Supply Chain Management Co. LTD kompaniyasi tomonidan chorvachilik klasterini qurish bo‘yicha loyiha konsepsiyasi, Bulung‘ur, Jomboy va Payariq tumanlarida chorvachilik klasteriga tanlangan yer maydonlari, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va «Tomorqa xizmati» MChJ faoliyatini kengaytirish vazifalari haqida ma'lumot berildi.

Mavzuga oid