Jahon | 10:19 / 14.01.2019
31104
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Rossiya bilan urush ehtimoli baholandi

Foto: RIA Novosti/Stringer

Ukrainada Rossiya bilan urush xavfi jiddiy emas, deb baholanmoqda. Bu haqda Ukraina tashqi razvedka faxriysi, general-leytenant Vasiliy Bogdan «Fakti» nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi prezidentlik saylovlariga qadar davlatlar o‘rtasida hech qanday urush bo‘lmaydi, sababi Kreml mamlakat siyosiy vektori Yevropadan Rossiya tomonga o‘zgarishiga umid qilmoqda. Shunga qaramay, general-leytenant hattoki saylovlardan so‘ng ham keng ko‘lamli urush yuz berishiga ishonmayapti. «[Rossiya prezidenti] Putin Ukraina oson o‘lja emasligini allaqachon anglab yetgan», - deya o‘z pozitsiyasini tushuntirdi mutaxassis.

Uning ta'kidlashicha, Kiyev nafaqat Moskvadan, balki Minsk tomondan ham hujum yuz berishini kutmoqda. «Kreml Belarusni yutib yuborishga harakat qilmoqda, shuning uchun Ukraina hozir qo‘shni Belarus bilan chegarani himoya qilishga katta e'tibor beryapti», - dedi Bogdan.

Harbiy ekspert ma'lumotiga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Donbassni Ukraina nazoratiga qaytarish rejasini tayyorlagan. Kiyev harbiy operatsiya imkoniyatini ko‘rib chiqadi, ammo diplomatik vositalar bilan kelishishga umid qiladi. Shu bilan birga, u bu mintaqada hujumni boshlash uchun sharoitlar haqidagi savolga javob bermadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Rossiya bilan 40ta kelishuvni bekor qilishga tayyorlanayotgani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid