O‘zbekiston | 21:11 / 17.01.2019
6793
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xususiy sud ekspertizasi tashkil etiladi

Foto: Global Look Press

O‘zbekiston Prezidenti "Sud-ekspert faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjatga muvofiq endi O‘zbekistonda nodavlat sud ekspertizasi tashkilotini yaratishga ruxsat etiladi. Ularga 44 turdagi sud ekspertizasini o‘tkazish huquqi beriladi. 

Nodavlat sud-ekspert tashkilotlarining ekspertlari to‘lov asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qishadi. Kurs yakunlariga ko‘ra ular sud eksperti sertifikatini qo‘lga kiritishadi, mazkur sertifikat ularning professional kompetentlik talablariga muvofiqligi va tegishli mutaxassislik bo‘yicha malakaga ega ekanliklarini tasdiqlaydi. 

Sud eksperti sertifikatlarini olgan shaxslar haqidagi ma'lumotlar Adliya vazirligi saytiga joylashtiriladi. 

Nodavlat tashkilotlar ekspertizalari xulosalari davlat tashkilotlar xulosasiga tenglashtiriladi. 

Nodavlat ekspert tashkilotining ekspertiza xulosasidan norozi kishilar sud ekspertizasini o‘tkazish uchun takroran davlat sud-ekspert muassasasiga murojaat qilishlari mumkin. 

Sud-ekspert faoliyati muvofiqlashtiruvi Adliya vazirligi zimmasiga yuklatildi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid