Jamiyat | 15:20 / 21.01.2019
59541
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Jamshid Kenjayev ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi

Bugun, 21 yanvar kuni Toshkent shahrining jinoyat ishlari bo‘yicha sudida 2018 yilning avgustida «Aurum-898» tungi klubida o‘ldirilgan sportchi Jamshid Kenjayev ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, bugungi sud majlisida sudlanuvchilar Shodali Qilichov, Saidazim Kamoldinov, Alijon Xamrayev va Jahongir Yorqulovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ish bo‘yicha raislik qiluvchi S. Karimovga A. Nishonov va M.Mirag‘zamov maslahatchilik qilishdi.

Sud majlisida Shodali Qilichovga nisbatan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi («Qasddan odam o‘ldirish») 2-qismining «v» va «j» bandlari, Saidazim Kamoldinov, Alijon Xamrayev va Jaxongir Yorqulovga nisbatan JKning 277-moddasi («Bezorilik») 3-qismi «g» bandi bilan ayblanib jinoyat ishi ko‘rilayotgani e'lon qilindi. 

So‘ngra rais tomonidan sud tergovi boshlangani ma'lum qilindi.

Birinchi sud eshituvi davomida sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi. Davlat ayblovchisi ayblov xulosasini e'lon qildi. Sud majlisi tortishuvlarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.

Sud jarayoni davom etmoqda. Sud 23 yanvar sanasigacha tanaffus e'lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 8 avgustidan 9 avgustiga o‘tar kechasi, taxminan, soat 00:25 lar atrofida Yunusobod tumanida joylashgan «Aurum 898» tungi klubi oldida yuzaga kelgan pichoqbozlik vaqtida erkin kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi 25 yoshli Jamshid Kenjayev halok bo‘lgandi.

Ushbu fojia internetda katta rezonans keltirib chiqardi, tungi klub yopib qo‘yildi.

Jamshid Kenjayevning o‘limida ayblanib, tungi klubning to‘rt nafar qo‘riqchisi qamoqqa olingan, 9 avgust kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Shodali Qilichovga nisbatan JKning 97-moddasi 1-qismi («Qasddan odam o‘ldirish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid