O‘zbekiston | 10:53 / 26.01.2019
17851
9 daqiqa o‘qiladi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining asosiy vazifalari ma'lum bo‘ldi

Foto: Depositphotos

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi binolari majmuidan foydalanish direksiyasi” DUKni Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Binolardan foydalanish direksiyasiga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Belgilanishicha:

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Binolardan foydalanish direksiyasi o‘zini o‘zi moliyaviy ta'minlaydigan muassasa shaklida tashkil etiladi va budjet tashkilotiga tenglashtiriladi;

Direksiya ta'sischisi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hisoblanadi;

Direksiya xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, agentlik:

davlat aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, bankrotlik, baholash va rieltorlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga bo‘ysunadi va hisobot beradi;

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining barcha huquqlari, majburiyatlari va davlat, shu jumladan chet eldagi aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish (shu jumladan davlat ulushlarini sotish), davlat aktivlarini ijaraga berish, xo‘jalik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni joriy etish, iqtisodiy nochor xo‘jalik jamiyatlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish, bankrotlik, baholash faoliyatida davlat tomonidan tartibga solish va mulkni baholash standartlarini tasdiqlash bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;

“O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi” DUKning barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Agentlik tizimiga quyidagilar kiradi:

Agentlik markaziy apparati;

Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari;

Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi;

Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini o‘rganish markazi;

Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi”;

Binolardan foydalanish direksiyasi.

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

davlat aktivlarini samarali boshqarish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritish;

o‘ziga berilgan davlat ishtirokidagi korxonalar ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketlari (ulushlari) bo‘yicha aksiyador (ta'sischi va ishtirokchi) huquqlarini amalga oshirish;

ilg‘or xorijiy tajriba asosida davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv shakl va usullarini joriy qilish, ularni boshqarishda kuzatuv kengashi va aksiyadorlarning rolini tubdan oshirish;

davlat ishtirokidagi korxonalarni, shu jumladan xalqaro moliya institutlari tavsiyalari asosida bosqichma-bosqich ichki va tashqi bozorlarda raqobatlasha oladigan, samarali korxonalarga aylantirishga ko‘maklashish;

davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining samaradorligi va shaffofligini ta'minlash, boshqaruv tuzilmasini optimallashtirish, yuqori daromadlilik va kapitalizatsiyani oshirish, sohasiga kirmaydigan va foydalanilmayotgan aktivlarini chiqarib tashlashga qaratilgan rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va tasdiqlashni muvofiqlashtirish;

davlat manfaatlarini ta'minlagan holda, shu jumladan davlat aksiya paketlarini (ulushlarini) ishonchli boshqaruvga berish orqali investitsiya faoliyatini amalga oshirish;

davlat ishtirokidagi korxonalarning obligatsiya va aksiyalarini chiqarish va realizatsiya qilish, shu jumladan mahalliy va xorijiy fond birjalarida IPO/SPO bo‘yicha emissiyalarni joylashtirish hisobiga, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni, shuningdek portfel investitsiyalarni jalb qilish;

davlat aktivlarini realizatsiya qilish (xususiylashtirish), shu jumladan, «nol» xarid qiymati bo‘yicha va ijaraga berishning ochiq va shaffof mexanizmini ta'minlash, investorlar tomonidan qabul qilingan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi ustidan monitoring qilish, shuningdek davlat xususiy sheriklik bo‘yicha takliflarni tayyorlashda ishtirok etish;

tahlil asosida davlat ishtirokidagi faoliyat yuritmayotgan, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni aniqlash, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda faoliyati samaradorligini oshirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;

bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat ishtirokidagi korxonalarda samarali dividend siyosatini olib borish;

baholash faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishini ta'minlash, mol-mulkni baholash standartlarini tasdiqlash, shuningdek rieltorlarni sertifikatlashtirish;

davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarishning bozor mexanizmlarini ishlab chiqish;

davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, ushbu korxonalar faoliyatining samaradorligi uchun ularning boshqaruv organlari mas'uliyatini oshirish.

Agentlik markaziy apparatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

1) Hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tuzilmalar bilan birgalikda Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini ta'minlash;

2) davlat aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, bankrotlik, baholash va rieltorlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvini ta'minlash va muvofiqlashtirish;

3) rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish asosida davlat aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, bankrotlik, baholash va rieltorlik faoliyatini takomillashtirishni tashkil etish;

4) davlat ulushi mavjud xo‘jalik jamiyatlari, vazirlik va idoralardan markaziy apparatda ko‘rib chiqiladigan, tahlil qilish va ishlash uchun zarur bo‘lgan materiallar va ma'lumotlarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va boshqa hujjatlarni so‘rash va olish;

5) Agentlik vakolatiga kiritilgan masalalar yuzasidan qonun hujjatlarini takomillashtirish;

6) mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilish, Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida ekspert va ishchi guruhlarni tashkil qilish;

7) hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tuzilmalarni kadrlar bilan ta'minlanishini muvofiqlashtirish;

Agentlik markaziy apparati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi.

Agentlik direktori o‘z maqomiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zosi hisoblanadi.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Direktor, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari maqomi, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda vazir, vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Agentlik O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har yili hisobot yilidan keyingi yilning 1 oktyabridan kechiktirmay Agentlik faoliyati, shu jumladan xo‘jalik jamiyatlari faoliyatida strategik o‘zgarishlar natijalari to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasining tegishli xizmatlari rahbarlari hamda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Agentlik rahbarlariga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi bo‘yicha ular faoliyati ustidan muntazam monitoring olib boradi, Agentlik faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.

Monitoring va baholash yakunlari bo‘yicha Agentlikning alohida o‘rnak ko‘rsatgan rahbarlari, mansabdor shaxslari va xodimlari rag‘batlantiriladi yoxud yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan javobgarlikka tortiladi.

Mavzuga oid