Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oliy sud adolat o‘rnatdi – fermerlar yerlari o‘zlariga qaytariladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atining qarori bilan adolat tantana qildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati 2019 yil 23 yanvar kuni Qorako‘l tuman hokimligining “Do‘rmon Omad Nuri” fermer xo‘jaligi bilan 2016 yil 20 iyunda tuzilgan 638-sonli yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi da'vo talabi ko‘rilmasdan qoldirilgan. Da'vo talabining ajratilgan yer maydonlarini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish qismi qanoatlantirilmagan.
«O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 321, 323-moddalarini qo‘llab, sudlov hay'ati qaror qiladi:
Tuman hokimligining mutasaddi xodimlariga nisbatan xususiy ajrim chiqarish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirish rad etilsin.
Birinchi instansiya sudining 2018 yil 24 avgustdagi hal qiluv qarori va apellyatsiya instansiyasi sudining 2018 yil 24 sentyabrdagi qarori bekor qilinsin.
Yangi qaror qabul qilinsin.
Qorako‘l tuman hokimligining «Do‘rmon omad nuri» fermer xo‘jaligi bilan 2016 yil 20 iyunda tuzilgan 638-sonli yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi da'vo talabi ko‘rmasdan qoldirilsin. Da'vo talabining ajratilgan yer maydonlarini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish qismi qanoatlantirilmasdan qoldirilsin.
Qorako‘l tuman hokimligi hisobidan:
- respublika budjetiga (sudlarning rivojlantirish jamg‘armasiga) 1 843 000 so‘m davlat boji;
- Oliy sudning depozit hisobiga 50 682 so‘m sud xarajati;
- «Do‘rmon omad nuri» fermer xo‘jaligi foydasiga 1 875 218 so‘m sud xarajatlari undirilsin.
Qaror yuzasidan ijro varaqalari berilsin.
Qaror qabul qilingan kundan qonuniy kuchga kiradi», - deyiladi sudlov hay'atining «Do‘rmon omad nuri» fermer xo‘jaligi ishi bo‘yicha chiqargan qarorida.
Aziz Obidovning bildirishicha, shu kuni Kun.uz saytida e'lon qilingan maqoladagi ikkinchi fermer xo‘jaligi «Uchqun Do‘rmon zamini» bo‘yicha ham shu mazmundagi qarorini chiqargan.
«IPKning 118, 321, 323-moddalarini qo‘llab, sudlov hay'ati qaror qiladi:
Qorako‘l tumanlararo iqtisodiy sudining 2018 yil 24 avgustdagi hal qiluv qarori va Buxoro viloyat iqtisodiy sudi apellyatsiya instansiyasining 2018 yil 24 sentyabrdagi qarori bekor qilinsin.
Yangi qaror qabul qilinsin.
Qorako‘l tuman hokimligining «Uchqun Do‘rmon zamini» fermer xo‘jaligi bilan 2015 yil 28 dekabrda tuzilgan 11-sonli yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi da'vo talabi ko‘rmasdan qoldirilsin.
Da'vo talabining «Uchqun Do‘rmon zamini» fermer xo‘jaligiga ajratilgan yer maydonlarini Qorako‘l tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish qismi qanoatlantirilmasdan qoldirilsin.
Korako‘l tuman hokimligi hisobidan:
- respublika budjetiga (sudlarning rivojlantirish jamg‘armasiga)
1 843 000 so‘m davlat boji;
- Oliy sudning depozit hisobiga 50 682 so‘m sud xarajati;
- «Uchqun Do‘rmon zamini» fermer xo‘jaligi foydasiga 1 875 218 so‘m sud xarajatlari undirilsin.
Qaror yuzasidan ijro varaqalari berilsin.
Ish yuzasidan 2018 yil 24 sentyabrda berilgan ijro varaqalari bo‘yicha undiruv bekor kilinsin.
«Uchqun Do‘rmon zamini» fermer xo‘jaligining nazorat shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
Qaror qabul qilingan kundan qonuniy kuchga kiradi», - deyiladi sudlov hay'atining «Uchqun Do‘rmon zamini» fermer xo‘jaligi ishi bo‘yicha chiqargan qarorida.
Sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiriga ko‘ra, sudlov hay'atida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov ikki fermer xo‘jaliklari manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil sifatida qatnashgan.
2018 yil 9 sentabr kuni Kun.uz saytida «Shartnoma rejalarini doimo bajarib kelgan fermer yeri tortib olindi» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.
Unda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida «Do‘rmon omad nuri» nomli fermer xo‘jaligi uzoq yillar mobaynida namunali fermer xo‘jaligi bo‘lib kelganiga qaramay, uning rahbari Oltin Sottiyeva ustidan bir guruh fuqarolarning shikoyat qilgani vaji bilan faoliyati tugatilgani, ijaraga berilgan yer maydonlari esa, qonunchilikka xilof ravishda tuman zahirasiga qaytarilgani haqida so‘z yuritilgan edi.

Tuman xokimligi tomonidan sudga taqdim etilgan fermer xo‘jaligiga oid Xalq deputatlari tuman Kengashining 2018 yil 30 maydagi 104/02-sonli qarori Qorako‘l tuman ma'muriy sudi g‘ayriqonuniy deb topilgan. Keyinchalik, Buxoro viloyati ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasi bu qarorni o‘z kuchida qoldirdi.

Shunga qaramay, tuman hokimligi Xalq deputatlari tuman Kengashining 2018 yil 30 maydagi 104/02-sonli qarori asosida bekor qilgan yer ijara shartnomasini qonuniylashtirish maqsadida G‘ijduvon tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo arizasi kiritgan.
Oliy sud iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atining 2019 yil 23 yanvardagi 4-2003-1801/1863-sonli ish bo‘yicha chiqargan qarorida ta'kidlanishicha, birinchi instansiya sudi tomonidan ishni ko‘rishda moddiy va protsessual huquq normalari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Oliy sud qarorlarida «qaror qabul qilingan kundan kuchga kirishi alohida ta'kidlangan». Ya'ni 2019 yil 23 yanvardan e'tiboran mazkur qarorlar ijrosi ta'minlanishi darkor. Shu munosabat bilan Kun.uz sayti ushbu muammo tuman hokimligi Oliy sud qarorini o‘z vaqtida ijro etish bo‘yicha zaruriy choralarni qo‘llashi orqali muammo ijobiy yechim topishiga hamda tom ma'noda adolat o‘rnatilishiga hissa qo‘shishiga ishonch bildiradi.
Mavzuga oid
20:11 / 18.06.2026
Baxtiyor Islomov Oliy sud raisi lavozimidan ozod etiladi
11:50 / 17.06.2026
FVB tizimiga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlandi
13:14 / 14.06.2026
O‘zbekistonning g‘arbiy hududlaridagi «chigirtkalar bosqini» yuzasidan izoh berildi
09:30 / 09.06.2026