Jahon | 16:25 / 31.01.2019
15916
2 daqiqa o‘qiladi

CNN Putinni Trampning «maxfiy maslahatchisi» deb atadi

Foto: AP Photo/Evan Vucci

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga «maxfiy maslahatchi» sifatida qaraydi. Bu haqda tahlilchilar Amerikaning CNN telekanali efirida ma'lum qilishdi.

CNN ekspertlari 2018 yil noyabr oyida Buenos-Ayresdagi G20 sammitida yuz bergan Putin va Trampning yakkama-yakka suhbatini muhokama qildilar. Bu haqda avvalroq Financial Times gazetasi Rossiya tomonidan bo‘lgan o‘z manbalariga asosan yozgandi. Ularning ma'lumotlariga ko‘ra, uchrashuvda ham yordamchilar, ham stenografchilar yoki tarjimonlar bo‘lmagan. Ta'kidlanishicha, suhbat 15 daqiqa davom etgan, uning davomida yetakchilar Suriyadagi vaziyat va Kerch bo‘g‘ozida ukrainalik dengizchilar bilan sodir bo‘lgan hodisani muhokama qilishgan.

«Tramp bu holatda Putinga milliy xavfsizlik bo‘yicha maxfiy maslahatchi sifatida munosabatda bo‘lmoqda. U bilan birga ko‘p vaqt yolg‘iz qolmoqda hamda «nozik» mavzularda suhbatlashib, undan ma'lumot olyapti hamda hattoki o‘z jamoasida bo‘lmagan ma'lumotni Rossiya hukumatiga bermoqda», - deyiladi efirda.

Shu tariqa, Tramp o‘ziga nisbatan Rossiya tomonining manipulyatsiya qilishi uchun mustaqil ravishda ko‘proq imkoniyatlar taqdim etmoqda, deya ta'kidlanadi CNN materialida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp va Putin G20’da 15 daqiqa yakkama-yakka suhbatlashgani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid