Jahon | 00:55 / 01.02.2019
16163
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning eng keksa ayoli 130 yoshida vafot etdi

Foto: Said Tsarnayev/RIA «Novosti»

Chechenistonda Rossiyaning eng keksa ayoli Koku Istambulova 130 yoshida vafot etdi. 

Ta'kidlanishicha, momo Rossiya rekordlar kitobida qayd qilinmagan. Biroq Rossiya pensiya jamg‘armasida momoning yoshi tasdiqlangan. 

Momo yaxshi xotiraga ega bo‘lgan va 1917 yildagi inqilobgacha bo‘lgan davrlar haqida gapirib bera olgan. Oxirgi vaqtda uning ko‘zi ko‘rmay qolgan.

“Buvim hech narsadan shikoyat qilmasdi, biz har doimgidek kechki ovqatni qabul qildik, u hazillashib, suhbatlashib o‘tirdi. Keyin uning birdan tobi qochdi, yuragida og‘riq turganidan shikoyat qildi. Shifokorni chaqirtirdik. Ular qon bosimi tushib ketganini aytib, ukollar qilishdi. Biroq uni qutqarib qolisholmadi. Birozdan keyin u vafot etdi. Tinchgina, aqli raso holda va tilda duolar bilan boqiy dunyoga ketdi”, deb ma'lum qilgan momoning nabirasi Ilyos Abubakarov.

Momo o‘zining ona qishlog‘idagi qabristonda dafn qilingan.

21 yanvarda Rossiyaning rasmiy eng keksa ayoli Nanu Shaova 128 yoshida vafot etgani ma'lum qilingandi. Kabardino-Balkariyada yashovchi ayol 2017 yil iyulda Rossiya rekordlar kitobiga mamlakatdagi eng keksa inson sifatida kiritilgan.

Mavzuga oid