O‘zbekiston | 10:11 / 02.02.2019
11117
6 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori loyihasi: Shahrisabz shahri kompleks rivojlantiriladi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan 2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrini ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi tasdiqlanishi mumkin.

Quyidagilar:

- 2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalarining ko‘rsatkichlari;

- 2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida sanoat yo‘nalishida amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

- 2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

- 2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

- muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish, aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hamda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar;

- ta'lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa turdagi ijtimoiy soha obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

- irrigatsiya va melioratsiya tizimini yaxshilash va foydalanishdan chiqarib yuborilgan yerlarni foydalanishga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlanadi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda:

Dasturdagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqqan holda tarmoq jadvallarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash bo‘yicha nazarda tutilgan ishlarning tasdiqlangan parametrlarga muvofiq jadal bajarilishini ta'minlash yuzasidan zarur choralar ko‘radi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi:

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini tahlil qilib boradi va muvofiqlashtiradi;

barcha parametrlar bo‘yicha monitoring olib borilishini tashkil etadi va har oyda tizimli ravishda muammoli masalalarni ko‘rib chiqadi, ularni hal etish yuzasidan tezkor va amaliy choralar ko‘radi;

zarurat bo‘lganda, tayyorlangan va belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlari mavjud bo‘lgan taqdirda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda Dasturga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi tegishli tijorat banklari va loyiha tashabbuskori bilan birgalikda 2019 yilda “Shahrisabz tekstil” MChJda aralash ip-kalava ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirilishini ta'minlaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Shahrisabz tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi va Shahrisabz tuman Bolalar shifoxonasini Shahrisabz shahar markazida joylashganligini inobatga olib Shahrisabz shahar Tibbiyot birlashmasi tasarrufiga o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi Shahrisabz shahri turistik shahar ekanligini hisobga olib shahar markazida joylashgan Shahrisabz tumaniga qarashli “Agrotexservis” MTP MChJni Shahrisabz tumanidagi bo‘sh turgan MMTPlar binosiga ko‘chirish choralarini ko‘radi.

Shahrisabz shahar hokimligi bo‘shagan yer maydonini turistik va dam olish obektlari qurish uchun ajratadi.

Moliya vazirligi Shahrisabz shahrini qayta qurish munosabati bilan buzilgan noturar joy obektlari uchun kompensatsiya to‘lovidan bo‘lgan 25,0 mlrd so‘m qarzdorlikni to‘lanishini ta'minlaydi.

Madaniyat vazirligi, Shahrisabz shahar hokimligi shahardagi “Xotira maydoni”ni Shahrisabz tarixiy markazini o‘rab turuvchi tarixiy qal'a devori hamda Samarqand darvozasining shimoliy qismiga ko‘chirish choralarini ko‘radi.

Tijorat banklariga Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, respublikada ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar va ularga butlovchi buyumlarni xarid qilish uchun belgilangan tartibda kreditlar, shu jumladan chet el valutasidagi kreditlar ajratish tavsiya etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Dasturga kiritilgan obektlar loyiha-smeta hujjatlarining sifatli davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini va qurilish-montaj ishlarini bajarish uchun tegishli ruxsatnomalar Davlat xizmatlari markazlari orqali qonunchilikda belgilangan muddatlarda berilishini ta'minlaydi.

“O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbekenergo” AJ Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Dastur doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi ishlab chiqarish korxonalarini tabiiy gaz va elektr uzatish tarmoqlariga o‘z vaqtida ulanishini hamda ularga mavjud resurs va texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, tabiiy gaz va elektr energiyasi o‘rnatilgan tartibda yetkazib berilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturini shakllantirishda ushbu qarorda nazarda tutilgan markazlashtirilgan manbalar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, shu jumladan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarning O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etish to‘g‘risida” 2017 yil 18 dekabrdagi PQ-3437-son qaroriga muvofiq, jamg‘arma kuzatuv kengashining ijobiy qaroriga asosan belgilangan tartibda kiritilishini ta'minlaydi.

Qashqadaryo viloyati va Shahrisabz shahri hokimliklari har chorak yakuni bilan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar kesimida Dasturdagi tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha loyiha tashabbuskorlari faoliyatining natijadorligi yuzasidan viloyat va shahar faollari yig‘ilishlarida muhokama qiladilar hamda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradilar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid