Jamiyat | 16:18 / 04.02.2019
13368
2 daqiqa o‘qiladi

IIB xodimiga 2000 dollar pora taklif qilgan shaxs ushlandi

Illyustrativ foto

Shu yilning 27 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani IIB xodimi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

U shu yil 26 yanvar kuni Qo‘ng‘irot tumani Qoraqursaq qo‘rg‘onida yashovchi D.G. boshqaruvidagi “UAZ” avtomashinasini “Mo‘ynoq-Qo‘ng‘irot” yo‘lining 63-km.da haydab ketayotgan vaqtida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilganligi, avtomashinasining yukxonasida tegishli hujjatlarsiz Qo‘ng‘irot tumani “Qo‘ng‘irot UURB” (burg‘ilash) ishchisi S.J.ga tegishli 30 qop sementlarni olib ketayotganligi aniqlanganini bildirgan.

Qayd etilishicha, ular o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilib, Mo‘ynoq tumani IIBga topshirilgan, holat yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgan vaqtida S.J. xodimga ishni ijobiy hal qilib berish va to‘plangan hujjatlarni sudga olib chiqmaslik evaziga pora sifatida 2000 AQSh dollarini taklif etgan.

Ushbu bildirgi yuzasidan 27 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir natijasida S.J. pora sifatida 2000 AQSh dollarini xodimga xizmat xonasida bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan. 

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid