Jahon | 10:00 / 10.02.2019
5121
2 daqiqa o‘qiladi

Efiopiyada Afrika ittifoqiga a'zo davlatlar sammiti boshlanmoqda

Foto: © RIA Novosti / Yuriy Somov

Bugun, 10 fevral kuni Efopiya poytaxti Addis-Abebada Afrika ittifoqiga a'zo davlatlarning ikki kunlik sammiti boshlandi.

Navbat bo‘yicha 32-uchrashuv bo‘lgan mazkur oliy maqomli sammit Afrika qit'asi oldida turgan o‘tkir muammolardan biri — qochqinlar masalasi va shaxslarning ichki ko‘chib o‘tish masalalariga bag‘ishlanadi.

Yig‘ilishning birinchi kunida 2018 yilda Afrika ittifoqi raisligini bajargan Ruanda prezidenti Pol Kagame Misr yetakchisi Abdulfattoh as-Sisiyga topshiradi.

Davlat va hukumat rahbarlarining yopiq eshiklar ortida o‘tadigan majlisida Pol Kagame tashkilot rahbari sifatida bir yilda amalga oshirilgan ishlari haqida hisobot beradi.

Qochqinlar bilan bog‘liq masalalardan tashqari Afrika davlatlari yetakchilari Afrika qit'asini 2063 yilgacha rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini implementatsiya qilish bo‘yicha zarur qadamlarni, shuningdek mintaqiviy integratsiya va rivojlanish loyihalarini muhokama qilishadi. Muhokama mavzularidan biri Afrika uchun umumiy bo‘lgan erkin bozor yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘ladi

Afrika davlatlari yetakchilari uchun an'anaviy bo‘lgan tinchlik, xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, shuningdek Afrika ittifoqi tuzilmasini isloh qilish mavzulari ham ko‘tariladi.

Forum ishi vaqtida Falastin yetakchisi Mahmud Abbos, BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh, Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Ahmad Abul G‘ayt ham salom yo‘llashadi.

Afrika ittifoqi 1963 yilda tashkil etilgan edi. O‘shanda u Afrika birligi tashkiloti deb atalgan. Yevropa ittifoqi modeli bo‘yicha tuzilgan ushbu hukumatlararo tashkilotning nomi 2001 yilda o‘zgartirilgan. Afrika ittifoqiga 55ta davlat a'zo hisoblanadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid