O‘zbekiston | 00:23 / 16.02.2019
136839
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda Milliy gvardiya xodimining nayrangi fosh bo‘ldi (video)

15 fevralda “Exo Uzbekistana” Telegram kanalida Milliy gvardiya xodimi ishtirokidagi video joylashtirildi, deb xabar berdi uz24.uz.

Videoda Qo‘qondagi ko‘ngilochar markazlaridan birida yuz bergan voqea aks etgan. Unda Milliy gvardiya xodimi karaoke-zalga kirib, u yerdagi divanda turgan yostiq ostiga pichoqni yashirib, so‘ngra xonadan chiqib ketgani tasvirlangan. Keyinroq u ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan shu xonaga tekshiruv o‘tkazgani kirgan. Tintuv vaqtida yostiq ostida o‘sha pichoq aniqlangan va shundan keyin markaz egasiga sovuq qurolni saqlash ayblovi qo‘yilgan.

Nashr Milliy gvardiya matbuot xizmati boshlig‘i Davron Jumanazarov bilan voqea tafsilotlarini aniqlashtirish maqsadida bog‘langan. Jumanazarovning aytishicha, videodagi shaxs haqiqatan ularning xodimi hisoblanadi. Milliy gvardiya rahbariyati bu haqida xabardor qilingan. 

Ayni vaqtda voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda. “Nayrangboz” xodimga nisbatan tegishli choralar qo‘llanadi. Jumanazarovning aytishicha, u Milliy gvardiya safidan chetlatiladi.

Mavzuga oid