O‘zbekiston | 20:11 / 17.02.2019
20965
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik: «Aq jag‘ys» foydalanishga yaroqsiz va u ta'mirlanmaydi

Nukus shahar madaniyat bo‘limiga qarashli «Aq jag‘ys» madaniyat markazi binosidan foydalanish imkoni yo‘q. Markaz o‘z faoliyatini 2-sonli umumta'lim maktab binosida davom ettirmoqda, deb xabar bermoqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi.

Kun.uz'da abgor ahvolda qolayotgan mazkur madaniyat markazi haqida maqola e'lon qilingandi. Madaniyat markazining suratlariga qarab, imorat bir qarashda omborxona yoki qoramollar saqlanadigan joyga adashtirib yuborilishi mumkin.

«Bolalarning to‘garak mashg‘ulotlariga ishtiyoqi baland, ammo ular uchun bu yerda na imkoniyat va na munosib sharoit bor. O‘qituvchi-yu bolalar bir tomondan devorning qulab tushishidan qo‘rqib o‘tirsa, ikkinchi tomondan siniq eshiklar va oynalardan kirayotgan sovuq jon-jonidan o‘tib ketadi», — deb yozadi Omirbay Yesbergenov qulab tushishga tayyor maskanda ta'lim olishni istagan 60 nafardan ziyod bola haqida. 

Maqolada markaz rahbariyati mazkur ahvol bo‘yicha «tegishli yuqori tashkilotlarning barchasining xabari bor»​ degan izohni keltirib o‘tgani aytilgandi. 

Qoraqalpog‘iston Madaniyat vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, bino 1971 yilda «poliklinika» sifatida qurilgan bo‘lib, jami 2025 m/kv yer maydonga ega bo‘lgan. 

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 iyundagi 178-son qaroriga asosan ushbu markaz 2018 yilda ta'mirlanishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq, mahalliy budjet mablag‘lari ajratilmaganligi sababli ushbu obektda ta'mirlash va jihozlash ishlari olib borilmagan», — deyiladi vazirlik axborotida. 

Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatida esa madaniyat markazlarini ta'mirlash uchun budjetlari mablag‘laridan tashqari, bo‘shab qolgan mablag‘lar, shuningdek jalb etiladigan homiylik mablag‘lari hisobidan bajarishga ruxsat berilgan. 

Mutasaddilar madaniyat va aholi dam olish markazlari binolarini mukammal ta'mirlash, shuningdek, zaruriyat bo‘lganda, rekonstruksiya qilish va ularni zamonaviy asbob-uskunalar va anjomlar bilan jihozlash uchun kelasi yilga tasdiqlanishi nazarda tutilgan mintaqaviy manzilli ro‘yxatlarni har yili belgilangan tartibda va muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga va Moliya vazirligiga kiritishi ham mumkin edi. Afsuski, shu amallar ham bajarilmagan.

Mavzuga oid