Jamiyat | 15:59 / 01.02.2019
8111
3 daqiqa o‘qiladi

«Yaralangan qush hamon uchmoqda». ​​Nukusdagi abgor madaniyat markazi bazo‘r faoliyat ko‘rsatyapti 

Nukus shahridagi «Aq jag‘ys»​ mahallasida joylashgan madaniyat va aholi dam olish markazi juda abgor ahvolga kelib qolgan, deya xabar beradi Mahalla gazetasi.

Xabarda tasvirlanishicha, imorat bir qarashda omborxona yoki qoramollar saqlanadigan joyni eslatadi.

Muallif Omirbay Yesbergenovning yozishicha, kuchliroq yomg‘ir yog‘sa, qulab tushadigan maskanda 60 nafardan ziyod bola to‘garak mashg‘ulotlariga hamon qatnaydi.

«Bolalarning to‘garak mashg‘ulotlariga ishtiyoqi baland, ammo ular uchun bu yerda na imkoniyat va na munosib sharoit bor. O‘qituvchi-yu bolalar bir tomondan devorning qulab tushishidan qo‘rqib o‘tirsa, ikkinchi tomondan siniq eshiklar va oynalardan kirayotgan sovuq jon-jonidan o‘tib ketadi.O‘ndan ziyod xonaning aksariyati talabga mutlaqo javob bermagani bois mixlab, yopib tashlangan. Birgina markaz rahbari Tileumurat Pirimbetovnng xonasida 7-8ta stul va stolga ko‘zimiz tushdi xolos. To‘garak xonalarida jihoz yo‘q. O‘quvchilarning o‘zi musiqa asboblarini olib keladi», —​deya bayon qiladi u.

Ma'lum qilinishicha, markaz rahbariyati mazkur ahvol bo‘yicha «Tegishli yuqori tashkilotlarning barchasining xabari bor»​ degan izohni keltirib o‘tgan. «2013 yilda shu to‘g‘risida VM qarori chiqqan bo‘lib, bunday ta'mir ishlari mahalliy hokimliklar vazifasiga kiritilgan edi. Lekin bu narsa amalga oshgani yo‘q. 2019-2020 yillarda shunga asosan 147ta obektda  ta'mirlash ishlarini amalga oshiramiz. 26 ta yangi obekt quriladi, 45 ta obekt rekonstruksiya, 26 ta obekt kapital ta'mirdan chiqadi», – deydi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev.​

Shunga qaramay, «Aq jag‘ys» mahallasidagi abgor markaz taqdiri OAVga qorong‘i. 

Xorazm viloyati Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi kishilardan Kun.uz tahririyatiga yuborilgan murojaatda esa markaziy kutubxonaning abgor ahvolda qolayotganidan norozi bo‘lishgan. 

«Xonqa tumanining markaziy kutubxonasi hozirgi kunda juda eski binoda faoliyat ko‘rsatyapti. O‘z binosi bundan taxminan 20 yil oldin buzib tashlangan. Agar sharoit yaxshilansa, kitobxonlar juda xursand bo‘lardi. Axir yosh avlodga kitobni sevish, uni ardoqlash kerakligi o‘rgatilayotgan bir paytda, kutubxonaning ahvolini ko‘rib, farzandlarimiz shashti pasayib ketsa ajabmas», — deyiladi murojaatda.

Mavzuga oid