O‘zbekiston | 17:33 / 28.12.2022
6534
3 daqiqa o‘qiladi

«Vazirliklarning funksiyalari reyestri yuritiladi» – adliya vaziri yangi vazirliklar haqida

2023 yil 1 yanvardan vazirliklar qisqartirilib, ijro hokimiyati yangi shaklda ish boshlaydi. Adliya vaziri Akbar Toshqulov yangi boshqaruv tizimi haqida ma’lumot berdi.

Foto: KUN.UZ

Vazirliklarning funksiyalar reyestri yuritiladi. Bu haqda 28 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida adliya vaziri Akbar Toshqulov ma’lum qildi. 

«Hozirgi boshqaruv tizimining barcha muammolarini hisobga olgan holda yangi mexanizm joriy qilinmoqda. Unda har bir vazirlikning funksiyalari belgilanadi. Funksiyalar reyestri yuritilishi ko‘zda tutilmoqda. Reyestr bilan funksiyalar qanday amalga oshirilishi juda ham muhim.

Byurokratiya deymiz, tanish-bilishchilik, korrupsiya va boshqalar mana shu jarayonda kechadi. Mana shu jarayonni to‘g‘rilasak, maqsadga erishish mumkin. Oxirgi natijalarda raqamlashtirishga erishildi, juda ko‘p davlat funksiyalari elektron bajariladigan bo‘ldi. Shuningdek, aqlli boshqaruv tizimlari o‘rganilyapti, ba’zilari joriy qilindi. Buni ham joriy qilish reja qilinmoqda», dedi vazir. 

Toshqulovning qo‘shimcha qilishicha, yangi boshqaruv tizimida eng muhimi davlatning biznes va iqtisodiyotga aralashuv masalasi ham ko‘rilmoqda.

«Hukumatning oldingi strukturasini o‘rganadigan bo‘lsak, har xil sohalar bo‘yicha komplekslar bor edi. U komplekslar albatta ishlashi kerak. Komplekslar iqtisodiyotning tegishli sohalari bo‘yicha ma’lum richaklarini ishlab chiqarardi. Yangi hukumat tizimida mana shu richaklar yo‘q  bo‘lyapti. Iqtisodiyotda hukumatning ishtiroki faqat qoidalar yaratish orqali bo‘ladi», dedi adliya vaziri.  

Eslatib o‘tamiz, 24 dekabr kuni «Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi

Unga ko‘ra, prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi kengashining Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarining birinchi bosqichi doirasida 2023 yil 1 yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining sonini 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish bo‘yicha taklifi ma’qullangan.

Mavzuga oid