Sport | 18:00 / 27.02.2019
29551
6 daqiqa o‘qiladi

Kun o‘yini: Sirli «Real» tushunarsiz «Barselona»ga qarshi

Bugun, Toshkent vaqti bilan 28 fevralga o‘tar kechasi soat 01:00da Ispaniya Qirol Kubogining yarimfinalida javob bahsi o‘tkaziladi. Madridning «Real» klubi o‘z maydonida azaliy raqibi «Barselona»ni qabul qiladi. Jamoalarning Kataloniyada o‘tkazilgan birinchi o‘yinida 1:1 hisobi qayd etilgandi. Chempionatda «Barselona» katta farq bilan oldinga o‘tib ketganini inobatga olsak, aynan bugungi o‘yin yilning markaziy klasikosi bo‘ladi. Kubok finaliga kim chiqarkin?

Sirli «Real»

«Real» uchun mavsum juda yomon boshlandi. Avvalo jamoa murabbiy tanlashda xato qildi. Xulen Lopetegi «Real»dek katta jamoaga mos emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Santyago Solarining kelishi esa vaziyatni bir qadar yaxshiladi. To‘g‘ri, «Real» u kelganidan keyin ham o‘rtamiyonalarga ochko berishda davom etdi. Lekin Solari murabbiy sifatidagi ilk klasikosida «Barselona»ga qarshi juda yaxshi tayyorlana oldi. «Real» Lopetegi bilan «Barselona»dan 5ta gol qabul qilib olgani holda, u safardan durang bilan qaytdi. Mavsumning birinchi klasikosida ikki jamoa o‘rtasidagi farq yaqqol ko‘rinib qolgandi. Kubok yarim finalining birinchi o‘yinida esa yana teng kuchli «Real» va «Barselona»ni ko‘rdik. Demak, bugungi o‘yindan kutiladigan ilk narsa shuki, «Bernabeu»da «Jirona»ga yengilgan yoki «Levante»ni penaltilar bilan yenggan «Real»ni emas, klasikoda birinchi raqamda bo‘lishni istaydigan «Real»ni ko‘ramiz.

Tushunarsiz «Barselona»

Bugungi «Barselona»ga tushunarsiz deb ta'rif berish mumkin. Masalan, jamoa «Real»ga qarshi oldingi o‘yinda o‘zi xohlagani kabi ustunlik qila olmadi. «Real» bunga yo‘l qo‘ymadi, to‘g‘rirog‘i. Valverde kelgach «Barselona» qandaydir xotirjam jamoaga aylanib qolgandek ko‘rinmoqda. O‘tgan mavsum jamoa uchun yomon o‘tmadi. Chempionatdagi gegemonlik buni isbotlaydi, lekin birgina o‘yindagi ruhan tushkunlik «Barselona» uchun mavsumni omadsizga aylantirdi. Chunki tarkibida Messi bo‘lgan jamoa uchun Chempionlar Ligasidagi g‘alabasiz yakunlangan mavsumni muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi. «Roma»ga qarshi o‘yinda «Barselona»ga o‘yinni yondirib yuboradigan cho‘g‘ yetishmagandi. Katta ehtimol bilan Vidal va Boateng kabi jo‘shqin futbolchilar aynan shuning uchun olib kelindi. Bu mavsumdagi ilk klasikoda «Real» ancha kuchsiz edi va u o‘yinda «Barselona» katta bosimdan chiqib ketib g‘olib bo‘lmadi. Hozircha Valverdening arsenalida bunday g‘alabalar ko‘p emas. «Sevilya»ga qarshi o‘yinda super «kambek» amalga oshirildi, lekin uni bir futbolchi qilganini ham unutmaslik kerak... Xullas, bugun qanday «Barselona»ni ko‘rishimizni taxmin qilish qiyin.

«Real»ning ahvoli unchalik yomon emas

«Real» bu mavsumni yomon o‘tkazmoqda, Ronaldu ketdi, Zidan ketdi, Peres yomon, jamoa pul sarflamayapti, deyilmoqda. Lekin bir faktga e'tibor bering: «Real» o‘tgan mavsumda La Ligada 3-o‘rinni olgan va «Barselona»dan roppa-rosa 17 ochko ortda qolgan. «Real» va «Barselona» uchun ikkita maqsad bo‘lishini bilasiz. Birinchidan, o‘zi qatnashadigan barcha musobaqalarni yutish va nima qilib bo‘lsa ham azaliy raqibidan («Barsa» yoki «Real»dan) yuqorida bo‘lish. Zidan Chempionlar Ligasini 3 martalab yutgan bo‘lsa-da, La Liganing o‘tgan mavsumida yomon natija qayd etdi.

Hozirgi turnir jadvaliga qarasangiz, «Real»ning ahvoli o‘tgan yilgiga o‘xshaydi. «Blankos» ayni damda «Barselona»dan 9 ochko ortda qolmoqda. Xuddi o‘tgan yilda bo‘lgani kabi uchinchi o‘rinda bormoqda. Ya'ni, «Real»ning muammosi Zidan davridan buyon davom etmoqda va Ronalduning ketishi «yarani gazak oldirgan» xolos.

Klasikoni sog‘ingan Leo

O‘tgan o‘yindagi 1:1 «Real»ni favoritga aylantirgani rost. Lekin «Barselona»da ham bitta ustunlik bor. Bugun Messi o‘ynaydi! Oxirgi ikkita klasikoda «Real»ning omadi kelib, Leo yoki o‘ynamadi, yoki jarohat sabab ozroq o‘ynadi. Bir so‘z bilan aytganda Leo klasikoni sog‘inib qolgan...

Mavzuga oid