O‘zbekiston | 14:12 / 06.03.2019
36189
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya banki Tohirjon Jalilovga nisbatan bankrotlik da'vosi bilan chiqdi 

Foto: spb.adlr.ru

«Vozrojdeniye» banki Voronej oblasti arbitraj sudiga GM Uzbekistan O‘zbekiston-Amerika avtokonserni sobiq bosh direktori, Uz-Daewoo’ning Voronej dileri va «Km/ch» avtosalonlar tarmog‘i sobiq egalaridan biri Tohirjon Jalilovning bankrotligi to‘g‘risida ariza bilan murojaat qildi. Bu haqda «Kommersant'» yozmoqda.

Da'vo hali yurituvga qabul qilinmadi, Jalilovning bank oldidagi qarzi miqdori oshkor etilmayapti.

«Km/ch» avtosalonlarining moliyaviy muammolari haqida 2016 yilda ma'lum bo‘ldi, o‘shanda ularning yuridik shaxslari Investtorgbank va «Vozrojdeniye» bankidan bankrotlik to‘g‘risida da'vo arizalarini qabul qila boshladi. Salonlar Uz-Daewoo, Ravon, Iveco, ZAZ, Skoda hamda Volkswagen’ni sotgan. Barcha salonlar 2014 yilda olingan kreditlar bo‘yicha o‘zaro kafolatchi bo‘lgan, Rossiyada tarmoqning asosiy yuridik shaxslari qarzi 20 milliard rubldan oshishi mumkin.

Jalilovning o‘zi bundan avval bankrotlik to‘g‘risida da'volar qabul qilib olmagan, ammo korrupsiyada gumonlanib hibsda bo‘lgan. Biroq, 2017 yilda u barcha ayblovlar olib tashlangan holda ozodlikka chiqarildi.

Tohirjon Jalilov «O‘zavtosanoat» davlat xoldingi boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimiga qaytdi, keyinchalik «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi boshqaruvi raisiga aylandi.

Mavzuga oid