Sport | 17:07 / 08.03.2019
60148
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda to‘p narxi qancha? E'tibordan chetda qolayotgan bolalar futboli haqida

O‘zbekiston futboli haqida kunora tahliliy va tanqidiy gaplarni o‘qiymiz. Jurnalistlar 25 yildan beri terma jamoa haqida yozishadi. Ular yomon o‘ynab zerikmadi, jurnalistlar esa ular haqida yozib... 

Futbol bizda deyarli odamlarni kuldiradigan «san'at turi»ga aylanib bo‘lgan. Qiziqchilarimiz o‘z dasturlarida albatta «azamat futbolchilarimiz»ni bir eslab qo‘yishni odat qilishgan. Haytovur, bokschilarimiz bor. Kamxarjgina, sersamara sport turi muxlislarni shoda-shoda medallar bilan ovutib turibdi. 

Ko‘p sport turlaridan maqtanadigan jihatlarimiz kam. Qit'a miqyosida kanoeda eshkak eshish, dzyudo, kurash, badiiy gimnastika va yengil atletikadan sovrinlar olib turgan bo‘lsakda, jahon forumlarida bu sport turlarda ham «bulbul qo‘ndirgan» joyimiz yo‘q.    

Tabiati olimpiya turlarining (qishki olimpiadani hisobga olmaganimizda) katta qismi bilan shug‘ullanish uchun juda mos bo‘lgan O‘zbekistonda orzu qilganimizdek muvaffaqiyatlarga erishish uchun bir jihat xalal beradi. Bu haqda maqolamiz so‘ngida gaplashamiz.

Superliga va Pro Ligadagi o‘zgarishlar haqida o‘qib turibmiz. Bu safar e'tiborni pastki bo‘g‘iniga qaratmoqchimiz.

Futbol to‘pi bir quti sigaret va bir shisha aroqdan arzon bo‘lishi kerak!

Qaysidir sohada shug‘ullanishni boshlagan bola uchun uskunalar zarurligi tayin. Deylik, rassomlik orzusidagi bolaga rangli qalam, akvarel, geograf bo‘laman deganga xarita, globus...

Sportga qiziqish boshlanishi uchun ham eng asosiy narsa - anjom. Keyin esa maydon. To‘g‘risiyam shu... Raketkasiz tennis yoki badminton, koptoklarsiz - futbol, voleybol, basketbol o‘ynab bo‘larmidi?

Yaqinda bir maqola o‘qib qoldim. Germaniya futbol terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionatida muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng nemislar bor e'tiborni yosh avlodga qaratishgan. Rivojlantirishning yo‘li ham oddiygina. Ular do‘konlarda kichkintoylarga to‘plarni tekinga tarqata boshlashgan. Quyidagi suratdagi to‘plar solingan idish tepasidagi yozuv ham diqqatni tortadi. Uning mazmuni taxminan shunday: «Biz to‘plarni bolalarga sovg‘a qilamiz. Toki, keyingi avlod futbolni yaxshiroq o‘ynab jahon chempioni bo‘lsin». Mana sizga futbolning ommaviyligini oshirishning oddiy yo‘li.

To‘pi bor bola albatta uni bir o‘zi yoki do‘stlari bilan tepadi. Qiziqishi kuchayadi. Maktabda, ko‘cha jamoasida o‘ynaydi. Undagi iqtidorni sezgan ota-ona murabbiyga olib boradi. Ustoz uni tarbiyalaydi. O‘z ustida jiddiy ishlasa, futbolchi bo‘lib yetishadi. 

Qarang! Bitta professional sportchining paydo bo‘lishida anjomning o‘rni qanday.

Bizda futbol to‘pining narxi qancha, bilasizmi? Boshqa sport snaryadlari qancha turishidan ham xabaringiz bo‘lmasa kerak? Maqola yozish asnosida do‘konlar va bozordagi sport anjomlarining narxlari bilan qiziqdik. Anjomlar, ayniqsa to‘plar uch turga bo‘linar ekan: Sifatsiz, sifatli va professionallar uchun mo‘ljallangan to‘plar.

O‘rtacha narxlar: 

Futbol to‘pi: 100 000 so‘m (o‘rtacha sifatdagi), 200 000 so‘m (sifatli), 100 dollar (yaxshi sifatdagi to‘p); 

Futbol oyoq kiyimi, keda: 50 000, 160 000, 300 000 so‘m;

Butsa: 110 000, 160 000, 300 000 so‘m, 100 dollar;

Voleybol to‘pi: 40 ming, 60 ming, 90 ming so‘m;

Basketbol to‘pi: 40 ming, 70 ming, 150 ming so‘m;

Stol tennisi raketkasi: 40 000, 70 000, 300 000 so‘m;

Stol tennisi doskasi: 550 000, 800 000, 1,5 mln so‘m; 

Boks qo‘lqopi: 40 000, 50 000, 80 000 so‘m;

Boks qopi: 130 000, 180 000, 220 000 so‘m;

Gantellar: 40 000, 80 000, 120 000 so‘m;

Arg‘amchi (skakalka): 10 000, 20 000, 50 000.

Yuqoridagi narxlar oilaning topish-tutishi, daromadiga qarab arzon yoki qimmat bo‘lishi mumkin. Ko‘rsatilgan summalarni belgilangan eng kam oylik ish haqi bilan solishtirsak, narxlar qimmatligi ko‘rinib qoladi. Ota-ona farzandi uchun to‘p, boks qo‘lqopi yoki gantelni hech og‘rinmay sotib oladigan narxda bo‘lishi kerak!

Davlat o‘z kelajak avlodi sog‘ligi va sportda erishajak muvaffaqiyatlarni hisobga olib, bolalar uchun sifatli sport anjomlari ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yishi, tadbirkorlarga turli imtiyozlar berishi zarur. Ana shunday korxonalarga turli grantlar taqdim etilsa, narxlar yanada pasayadi.  

Viloyatlarning biridagi tuman markazida faoliyat yurituvchi alkogol do‘konida bir kunda 200 shisha aroq sotilar ekan. Necha quti tamaki sotilishini surishtirmadik. Lekin, mana shu hududda kuniga nechta sport anjomi, yoyinki to‘p sotilishini so‘raganimizda, juda kam raqamlar aytildi. To‘g‘ri, bitta to‘pni yoki tennis sharigini oylab o‘ynash mumkin. Ko‘plab tumanlar markazlarida sport do‘konining o‘zi yo‘q.

Internet kafega kirsangiz hamma bolani shu yerda ko‘rasiz. Hozirgi yoshlar futbolni ochiq havodagi maydondan ko‘ra monitorda, telefonda o‘ynashni afzal bilishyapti. Nega bunday?

Ommaviy axborot vositalarida ming xil tovarlar reklamasi qo‘yilaveradi, qo‘yilaveradi. Sport va kitob reklamasi esa juda-juda oz...

Ta'lim maskanlaridagi sport inshootlari alohida mavzu. Chekka tumanlardagi maktab stadionlari, zallar holati, ularning sport anjomlari bilan qay darajada ta'minlangani sportdagi ertangi kun, kelajagimiz emasmi?

Har safar futbol terma jamoamiz saralash o‘yinlarini «o‘z repertuarida» tugatgach, «millionlar o‘yini»ni rivojlantirish uchun bir qator hujjatlar qabul qilinadi. Ushbu qarorlar o‘sha doimgidek ishlab yurgan sport mutasaddilari qo‘liga tushib, bir to‘lqin singari «reaksiya» bilan o‘tib ketadi. Olimpiada o‘tgach ham xuddi shu holat...

Qarorlar eng pastdagi bo‘g‘inga yetib bormayapti.

Futboldagi eng nozik va eng kerakli mavzu

Mana Turkiyada futbolni rivojlantirishning oddiy uslubi qanday qo‘llanganini aytib o‘tib ketsak. Sport mutasaddilari mamlakatdagi barcha mahalla va ko‘pqavatli uylar o‘rtasiga davlat tomonidan sun'iy futbol maydonlari qurish va ularni uzluksiz elektr bilan ta'minlash loyihasini amalga oshirishgan. Oradan o‘n yil o‘tib, samara yaqqol bilingan ekan.   

Bolalar futboli birinchi darajali masala 

«Qishloqlarda futbolni zo‘r o‘ynaydigan jaydari bolalar ko‘p. Ularni jamoalarga olishmayapti», degan gapga futbol mutaxassislarimiz miyig‘ida kulib qo‘yadi. Ularning fikricha, o‘z mahallasida «lider» bo‘lib o‘ynayotgan bola futbol maktabidagi tarbiyalanuvchilar bilan maydonda tenglasha olmaydi. Ming iqtidor bo‘lsin, «pravila»ni bilmaydi. Jismoniy holati ham haminqadar. Professional futbol jamoalari asosan futbolga ixtisoslashgan maktab-internatlarni bitirgan futbolchilarni yoki klublarning o‘z maktabida tarbiyalangan futbolchilarni safiga qo‘shib oladi. Bir tomondan to‘g‘ri ham. Chunki, ularni turli musobaqalarda ko‘rishgan, kuzatishgan. Yillar davomida sobiq ittifoq davridan qolgan uslublarda mashg‘ulot o‘tayotgan futbol internatlarida esa bir xil, o‘rtacha saviyadagi futbolni o‘ynashni biladigan ko‘plab o‘yinchilar yetishib chiqadi va jamoalarimizni to‘ldiraveradi.

Qishloqlarda o‘tadigan turli musobaqalarda birorta oliy yoki birinchi liga murabbiyining futbolchilarni kuzatayotganini ham ko‘rmaysiz. Xo‘sh, aslida ham chekka-chekka qishloqlarda iqtidorli futbolchilar bormi? Bor! 

Faqat o‘sha chekka joyda ular bilan shug‘ullanadigan murabbiyning o‘zi yo‘q! Maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ularga futboldan ilk saboqlarni beradi. Lekin, bu - juda sayoz bilim. BO‘SMlar murabbiylari hududlardagi maktablarda futbol to‘garaklarini qay tartibda o‘tishi esa hammaga ayon. Anjomlarsiz, eski uslubli murabbiylar tomonidan oxirgi o‘n yillar davomida biror zo‘r iqtidor kashf qilinganini eshitmadik. Umumta'lim maktab jamoalari o‘rtasidagi musobaqalar ham nomiga o‘tadi. 

Viloyat markazida faoliyat yurituvchi futbolga ixtisoslashgan maktab-internatlariga esa hamma ham farzandini olib boravermaydi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bolalar futbolini rivojlantirish uchun har bir tumanda futbol bo‘yicha tayanch maktablar tashkil qilsa yaxshi bo‘lar edi. Tasavvur qiling, viloyat markazidagi mavjud futbol-internatlari murabbiylari o‘sha tumanlarda mashg‘ulotlar olib borib jamoa shakllantiradi. Qani edi har katta qishloqda bir dona elektr chiroqlari bilan ta'minlangan sun'iy qoplamali maydon bo‘lsa...

Saviyali va futbol qoidalarini mukammal o‘rgatishga layoqatli murabbiy iqtidorlarni kashf qilishi tayin. Yil davomida tumanlardagi jamoalar o‘rtasida tashkil etiladigan tizimli musobaqalar esa iqtidorlarni namoyon qilishga turtki bo‘ladi. 

Avvalo, O‘FA har bir viloyatga Yevropa mamlakatlaridan futbol murabbiylarini olib kelib, o‘zimizda faoliyat yuritayotgan bolalar murabbiylariga zamonaviy futbol asoslaridan kurslar tashkil qilishi eng dolzarb masala. Ispan futboli maktabi Qatar termasiga qanday ta'sir o‘tkazganiga esa Osiyo kubogi bahslarida guvoh bo‘ldik.   

Maqolamiz so‘ngida yurtimizda sportning ommaviyligini oshirishga bo‘lgan e'tibor ham faqat qog‘ozlarda qolib ketayotganiga to‘xtalsak. Yana yuqoridagi gap. Bizda sportning targ‘iboti, reklamasi sust. Sportdagi har qanday g‘alabaning ostida ommaviylik yotadi. 

Millat kishilari har kun ertalab ko‘chalarni to‘ldirib yugursa, har ko‘chada sport zallari bo‘lib, ular yoshlar ila gavjum maskanga aylansa, chempionlar o‘z-o‘zidan yetishib chiqaveradi.

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid