Bunda narx ko‘tarilishi birinchi navbatda Qozog‘istondan import qilinadigan un narxida sezildi. Jumladan, kuzatuvlarimizga ko‘ra, qozoq unining bir qopi 250 mingdan sotilgan bo‘lsa, bugungi kunda uning narxi 430-450 ming so‘mni tashkil qilyapti. 

Shuningdek, narxning keskin ko‘tarilishi Qozog‘istonda yetishtirilgan va O‘zbekistonda qayta ishlangan un narxida ham kuzatilgan. Jumladan, shunday unning bir qopi bozorda 175 mingdan 250-260 ming so‘mgacha oshgan.

O‘zbekistonliklar dasturxonidagi asosiy iste’mol mahsuloti nonn narxining qisqa vaqt ichida keskin oshishi ko‘pchilikning xavotir va savollariga sabab bo‘larkan, Kun.uz muxbiri sohaga mas’ul bir necha vazirlik va kompaniya vakillarini intervyu stoli atrofida to‘pladi. 

Intervyu mehmonlari – Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Zafar Ortiqov, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi direktori Abdurashid Isroilov va “O‘zdonmahsulot” AK boshqarma boshlig‘i Sherali Donayev bo‘ldi.

— Bugun sizlar un narxining deyarli ikki barobar oshib ketishiga tushuntirish, ma’lum izohlarni berasizlar, lekin aniq, konkret gap shuki, bu narx oshishi odamlarga, iste’molchilarga katta yuk, tashvish bo‘lib tushdi.

Ha, biz bunga qadar ham narx oshishiga rasmiy, norasmiy bo‘lsin, turli izohlarni eshitdik. Keling, bugun shu masalaga aniq va to‘liq qilib javob olsakki, un, don narxi nega oshdi?

Zafar Ortiqov: 

— Un narxi oshishini juda bir vahimali talqin qilish noto‘g‘ri deb bilaman. Biz mustaqillik davridan boshlab don mustaqilligiga erishganmiz. 

Bugun bir kishi uchun yiliga 154 kg bug‘doy iste’moli to‘g‘ri keladi, deb olsak, bu degani 36 mln insonga yiliga 5 yarim milliondan ko‘proq g‘alla yetishtirish kerak. Bizda esa 2023 yilda 8 mln tonnadan ortiq bug‘doy yetishtirildi.

Vatandoshlarimiz Qozog‘iston unini o‘zimizning unga aralashtirib non yopadi. Shuning uchun qo‘shnilarimizning uniga ehtiyojimiz bor. Lekin Qozog‘istonda bu yil yog‘ingarchilik tufayli bug‘doy yig‘imi qiyin bo‘ldi. Bu esa narx belgilanishini cho‘zib yubordi. Shuning uchun narx ko‘tarilishi yuz berdi.