Jamiyat | 13:50 / 11.03.2019
13926
5 daqiqa o‘qiladi

«Hilol-nashr» nashriyotida ikki kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi

«Hilol-nashr» matbaa ijodiy uyida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qalamiga mansub «Tafsiri Hilol 30-juz» (Qur'oni karimning 30-porasi tafsiri) hamda «Usmon ibn Maz'un» jome masjidi imom-xatibi Ishoqjon Muhammadjon o‘g‘li tomonidan yozilgan «Ta'lim va tarbiya» kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Islom.uz xabariga ko‘ra, tadbirda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Tafsiri Hilol 30-juz» asarlari haqida so‘z bordi.

«Tafsiri Hilol» shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning Qur'onni yetkazishdagi ulkan mehnati mahsuli bo‘lsa, «Hadis va hayot» turkumi Sunnati nabaviyani yetkazishdagi fidokorona xizmati bo‘ldi.

«Tafsiri Hilol» mo‘tabar tafsirlarning an'analariga sodiq qolgan holda, bugungi kun kitobxonining saviyasi, dunyoqarashi va ehtiyojlarini ham hisobga olib yozilgan bo‘lib, o‘quvchini Qur'oni karim ma'nolarining bitmas-tuganmas hikmatlariga oshno etadi.

Abdulloh G‘ulomov, Ko‘kcha-Oqtepa jome masjidi imom xatibi:

– Zamonamiz ulamolarining e'tirof qilishlaricha, «Tafsiri Hilol»ning yaratilishi xalqimizning ma'naviy hayotida, Vatanimizning tarixida ulkan voqea bo‘ldi. Avvalo, bu asar Movarounnahrda tafsir yozish an'anasining qayta tiklanishi bo‘ldi. Qolaversa, bu asar davr taqozosi bilan ona tilimizda yozilgan ilk tafsirlardan biri bo‘ldi. Shuningdek, «Tafsiri Hilol» chop etilishi yurtimizda nafaqat tafsir ilmining, balki umuman diniy adabiyotning qayta tiklanishiga turtki bo‘ldi.

«Tafsiri Hilol 30-juz» asarining o‘ziga xos jihati, muhim xususiyati uning muqaddimasidir. Ushbu muqaddimadan dinimiz Islom haqida, uning dasturi Qur'oni karim haqida komil va shomil ma'lumotlar o‘rin olgan. Muqaddima o‘quvchini Qur'oni karim bilan tanishtiradi, uni o‘qish, anglash va undagi ilohiy ko‘rsatmalarga amal qilishga undaydi. Shu bois, muallif Qur'on o‘qishni inson umridagi eng savobli, eng barakali va eng foydali faoliyatning ibtidosi, deb ataydi.

Tadbirning ikkinchi yarmida «Ta'lim va tarbiya» asarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ta'lim aqlni rivojlantiradi va sayqallashtiradi. Natijada u o‘z hayotida kerak bo‘ladigan ilmu ma'rifatni ashyolar to‘g‘risidagi turli ma'lumotlarni, kasbiy mahorati yoki kasb va hunarlarga tegishli bo‘lgan fanlarni o‘rganadi. Lekin tarbiyaga o‘xshab keng qamrovli bo‘la olmaydi. Chunki ta'lim insonni ruhiy, aqliy va jismoniy taraflarini birdek qamrab ololmaydi. Shuning uchun ham ta'lim va tarbiya doimo birga bo‘lishi talab etiladi. Shu bois ham kitob «Ta'lim va tarbiya» deb nomlandi.

Muhammadshokir Turdibekov, «Eshonguzar» jome masjidi imom noibi:

– Shuni ayta olamizki, faqat ta'limning o‘zi insonning har taraflama yetuk va komil bo‘lishiga kifoya qilmaydi. Ya'ni inson tarbiyasiz bo‘lsa, o‘zi ega bo‘lgan ta'limidan ezgu yo‘lda emas, balki yovuzlik va jinoyat yo‘lida foydalanishi mumkin. Shuning uchun ham bizning shariatimizda hech qaysi fan tarbiyadan ayri holda o‘rgatilmagan. Misol uchun, tafsir, aqoid, hadis, fiqh, mantiq, balog‘at, tarix, hattoki arab tili darsligi ham doimiy holda oyat va hadislarda kelgan tarbiyaviy ma'lumotlar bilan boyitilgan. Ijtimoiy va aniq fanlar uchun mo‘ljallangan darsliklar ham albatta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan dalillar va hujjatlar bilan quvvatlangan. Masalan, matematika, fizika, kimyo, geografiya, biologiya, zoologiya va hokazo, barcha fanlardagi ma'lumotlar, albatta, shariat manbalari bo‘lmish Qur'on va hadisga bog‘lash va ulardan dalillar olish va buyuk allomalarning hayotlaridan tarbiyaga oid misollarni keltirish bilan quvvatlangan. Shuning uchun ham madrasalarda tarbiya, axloq-odob, madaniyat va ma'naviyatga tegishli alohida fan va darslik bo‘lmagan, balki bunga ehtiyoj ham qolmagan. Chunki har qanday fan va ushbu fandan ta'lim berayotgan ustoz tarbiyaviy jihatdan qoniqarli, balki a'lo darajada bo‘lgan. Mazkur mulohazalarni e'tiborga olib, asarda faqatgina ta'lim to‘g‘risida emas, balki uning ajralmas qismi bo‘lmish tarbiya to‘g‘risida ham imkon qadar ma'lumotlar keltirildi.

Mavzuga oid