O‘zbekiston | 23:35 / 12.03.2019
42515
4 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekiston havo yo‘llari"ning yangi samolyoti qanday imkoniyatlarga ega?

2019 yil 11 mart kuni O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasining uchoqlar parki Airbus A320neo (New Engine Option – yangi talqindagi dvigatelli) samolyoti bilan to‘ldirilgani haqida xabar berilgandi. 

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK ixtiyoridagi ushbu aerobus zamonimizning eng yangi avialaynerlaridan biri hisoblanadi.

Tas-IX

YouTube

Jahon aviabozorida Boeing kompaniyasining 737 Max rusumli samolyoti bilan raqobatlashuvchi layner CFM International LEAP-1A yoki Pratt & Whitney PW1100G dvigatellari bilan ta'minlanishi mumkin.

Avialayner saloni

Airbus A320neo layneri ikki toifali komponovkada ishlangan. Samolyot bortida biznes toifada 12 ta o‘rin, ekonom toifada 138 ta o‘rin mavjud (Airbus kompaniyasining rasmiy saytiga ko‘ra maksimum sig‘im 180 o‘rindan oshishi mumkin).

Uchoqda ko‘proq o‘rindiqlar joylashtirish yoki o‘tish uchun keng yo‘lak ochish imkoniyati mavjud. 

Airbus kompaniyasi odatda o‘z samolyotlarida standart salon rejasini taklif etadi. Standartga ko‘ra avialaynerning salon rejasi quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:

 

Airbus A320neo A320 rusumidagi «akasining» takomillashtirilgan davomchisi hisoblanadi. 

Avialaynerning ekonomik va ekologik jihatlari takomillashtirilishi bilan birga uning salonidagi qulayliklarga ham alohida e'tibor qaratilgan.

Samolyot salonida mukammal filtrlash tizimi o‘rnatilgan. Salondagi havo har 2 daqiqada butunlay almashtiriladi. Salonni yoritish uchun esa maxsus zamonaviy diodlar ishlatiladi. 

 Neo modeli salonining o‘ziga xos jihati bu – biznes toifa qismdan ko‘ra ekonom-toifa qismga ko‘proq e'tibor qaratilganidadir. Ekonom-toifa yo‘lovchilari uchun oldindagi o‘rindiqlarga planshet va smartfonlar uchun alohida qulay podstavka (taglik), rozetka va USB-port o‘rnatilgan. Eski avlod avialaynerlarida rozetkalar o‘rindiqlarning ost qismida o‘rnatilgan va ko‘pchilik yo‘lovchilar odatda uni payqamay kelgan.

Tavsifiy ma'lumotlar (sig‘im, o‘lcham va og‘irlik)

  • Airbus A320neo laynerining uzunligi — 37,6 m;
  • Bo‘yi — 11,8 m;
  • Qanotlar kenglik qamrovi — 122,4 kv.m;
  • Qanotlar uzunligi — 35,8 m;
  • Parvozdagi maksimal og‘irligi — 73,5-78 ming kg;
  • Yoqilg‘isiz maksimal og‘irligi — 62,8-64,3 ming kg;
  • Maksimal qo‘nish og‘irligi — 64,5-66 ming kg;
  • Tijoriy yuk uchun maksimal og‘irlik — 16,6 ming kg;
  • Yoqilg‘i baklari sig‘imi — 23,7-26,5 ming l;
  • O‘rindiqlar soni — 180;
  • O‘rindiqlar soni (ekonom va biznes toifalarda) — 150;
  • Salon uzunligi — 27,5 m;
  • Salon kengligi — 3,7 m.
  • Maksimal yuk bilan parvoz masofasi — 6850 km;
  • Maksimal tezligi — 890 km/s;
  • Maksimal kreyser tezligi — 830 km/s;
  • Parvozning maksimal balandligi — 12 ming m;
  • Dvigatellari: CFMI Leap-1A, PW1100G-JM.

Ishlab chiqarish tarixi

2010 yilning 1 dekabrida Airbus kompaniyasi A320 rusumidagi samolyotni takomillashtirish va A320neo samolyotlarini ishlab chiqarish to‘g‘risida rasman e'lon qilgandi.

Ilk parvoz 2014 yilning 25 sentyabrida Tuluzadagi «Blanyak» aeroportidan amalga oshirilgan.

2016 yilning 21 yanvarida ushbu rusumdagi avialayner ilk bor Lufthansa aviakompaniyasi tomonidan foydalanishga topshirilgan.

Loyiha davomida aerobus o‘zining asosiy raqobatchisi Boeing’ning 737MAX rusumli samolyotini ortda qoldirish maqsadini ilgari surgan. Aerobus konstruksiyasida kompozitsion materiallar va turli alyuminiy quymalardan foydalanilgani hisobiga tejamkorligi oshgan.

Mavzuga oid