Jahon | 07:35 / 18.03.2019
24078
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Zelandiyadagi teraktda halok bo‘lgan pokistonlik mukofotlanadigan bo‘ldi

Yangi Zelandiyada masjidga hujum qilgan terrorchini qurolsizlantirishga urinish vaqtida halok bo‘lgan pokistonlik Mian Naim Rashid ko‘rsatgan jasorati uchun mukofotlanadigan bo‘ldi.

Terrorchi “An-Nur” masjidiga kirganda, pokistonlik unga qarshilik ko‘rsatib, to‘pponchasini olib qo‘ymoqchi bo‘lganda terrorchi tomonidan otib tashlangan. 

“Pokiston oq tanli irqchi-terrorchini to‘xtatishga urinish vaqtida halok bo‘lgan Mian Naim Rashid bilan faxrlanadi. U o‘z jasorati uchun davlat mukofoti bilan taqdirlanadi”, deb yozgan tvitterda Pokiston bosh vaziri Imron Xon.

Pokiston tashqi ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Yangi Zelandiyadagi terakt vaqtida 9 pokistonlik halok bo‘lgan.  

“Biz Kraystcherchdagi teraktda halok bo‘lgan pokistonliklar oilalariga har qanday ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Pokiston bosh vaziri. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 15 mart kuni Kraystcherchdagi ikkita masjidga qilingan hujum oqibatida 50 kishi halok bo‘lgan, 50 kishi jarohat olgan. Otishmani sodir etgan 28 yoshli Brenton Tarrantga qotillik ayblovi qo‘yilgan, u 5 aprelgacha hibsda ushlab turiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid