Jahon | 16:39 / 01.04.2019
4492
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston birinchi Kaspiy iqtisodiy forumini o‘tkazishga tayyorlanmoqda

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tashabbusi bilan 2019 yil 12 avgust kuni «Avaza» milliy sayyohlik zonasida (Turkmanboshi, Turkmaniston) birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tadi. Hozirda uni o‘tkazish uchun Turkmanistonda faol tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Kaspiyda hamkorlikni rivojlantirishning faol tarafdori bo‘lib, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Kaspiy dengizi davlatlarining IV sammitida Kaspiyda transport va savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida, shuningdek, Kaspiy iqtisodiy forumini tashkil etish bo‘yicha ikkita yangi bitimni tayyorlash yuzasidan tashabbus bildirdi.

2018 yil 12 avgustda Qozog‘istonning Aqtau shahrida bo‘lib o‘tgan beshinchi Kaspiy sammitida mintaqa davlatlari rahbarlari Kaspiy dengizining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiyani va 2019 yilda Turkmanistonda birinchi Kaspiy iqtisodiy forumini o‘tkazish bo‘yicha yakuniy hujjatni imzolashdi.

Ushbu forum ishiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Kaspiy mintaqasi mutaxassislari, ekspertlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida 2019 yil 5 fevralda xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Unda «Kaspiy dengizi energetika va transport tizimlarining iqtisodiy rivojlanishi» hamda «Kaspiy dengizidagi turistik va savdo-iqtisodiy hamkorlik» sessiyasi o‘tkazildi.

Avgustdagi forum uch qismdan iborat: xalqaro konferensiya, Kaspiy innovatsion texnologiyalar ko‘rgazmasi va huquqiy-shartnomaviy qism.

Forumning birinchi qismi doirasida - 2019 yil 12 avgustda quyidagi masalalar bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi:

- qo‘shma investitsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish;
- maxsus, alohida, erkin iqtisodiy zonalarni yaratish va rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish;
- qonunchilik, standartlar, iqtisodiy sohada qoidalar va statistik axborot bo‘yicha tajriba almashish;
- raqamli iqtisodiyotda hamkorlik;
 - sohilbo‘yi davlatlari hududlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish;
- qo‘shma korxonalar tashkil etish.

Mavzuga oid