O‘zbekiston | 15:56 / 15.04.2019
31487
9 daqiqa o‘qiladi

Bu uyning chirog‘i hech qachon o‘chmaydi

Yuragi millat dardi bilan yongan, xalqi uchun butun hayotini, borlig‘ini bag‘ishlagan Sharof Rashidov yodgorlik uy-muzeyida ko‘nglimizdan kechganlari...

Aslida bu yerga tamomila boshqa niyat bilan kelgan edim. Uy muzeyining ochilishi-yu undagi diqqatga sazovor yodgorliklar haqida ikki enlik xabar yozish edi maqsadim... Biroq buyuk siymo Sharof Rashidov bolaligi o‘tgan hovliga qadam qo‘yarkanman, qalbimda tushunarsiz, ammo yoqimli his-tuyg‘ular jo‘sh ura boshladi. O‘zgacha fayzi bor edi bu uyning. Farishtali bir uy edi bu uy. Bu qadar hayajon, bu qadar entikishga nima sabab bo‘lganini qoralamamiz so‘ngida anglarsiz, aziz o‘quvchi...

 Eski uyimda otamning hidi bor edi, onamning mehri bor edi 

“Sharof Rashidov ota-onasi yashagan va o‘zining bolaligi o‘tgan bu uyni juda yaxshi ko‘rardi. Shu ko‘chada Sharof akaning barcha qarindoshlari, aka-ukalari istiqomat qilishardi. U kishi har safar Jizzaxga tashriflari chog‘ida eski uylarini ziyorat qilardilar, uy ichida hech nimani o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymasdilar, xonada otalarining choponlari va onalarining ro‘mollari ilinib turardi. Tokchadagi idishlardan tortib barcha buyumlar ham ular tirikligida qanday turgan bo‘lsa shundayligicha saqlanishini qattiq talab qilardilar. Ichkari kirishlari bilan chuqur xo‘rsinib nafas olib birpas turar, so‘ng nafaslarini chiqarardilar. Biz yaqinlar shu odatlariga sira tushunmasdik. Botinib so‘ray olmasdik ham. Bir kuni jur'at qilib u kishining ayollari Xursanoy ayadan so‘radik. Shunda ular “ Sharof aka shunday chuqur nafas olsam ota-onamning hidini tuyaman, ularning mehrini his qilaman deydilar” deya javob qildilar. Rosti, bundan juda ta'sirlandim. Haligacha bu haqda eslasam ko‘zimga yosh keladi. Vafotlaridan ikki yil avval viloyatimiz kattalari Sharof akadan so‘roqsiz ota uyni buzib siz ko‘rib turgan mana shu ko‘rinishga olib kelishdi. Bu yerda juda katta qurilish bo‘ldi. Baland va chiroyli uy qad ko‘tardi. Sharof otaning kelishlarini bilib, yosh-u qari ko‘chada, qarindoshdan tortib mahalla ahligacha shu atrofda. Xizmat mashinalarida yetib kelgan Sharof aka mashinadan tushdilar-u, atrofga bir qarab “ men boshqa joyga kelib qoldim, shekilli” dedilar. Gap nimadaligini darrov tushundilar-u yonlaridagi o‘sha paytdagi obkomning birinchi kotibiga yuzlanib “shu ishni bekor qilibsiz, bu yerga ketgan mablag‘ga yaxshi bir bolalar bog‘chasi qursangiz sizdan minnatdor bo‘lardim” deya uyga ham kirmay ortlariga qaytib ketdilar. U kishining xafa bo‘lganini bildik. Rafiqalari Xursanoy opaning aytishlaricha, Sharof aka qariyb ikki oy juda qattiq siqilib “men endi ota-onamni yo‘qotdim, ularning hidini, mehrini yo‘qotdim. Eski uyimda ularning izi, mehri, hidlari bor edi” degan ekanlar. Shu-shu umrlari so‘ngigacha bu uyga qaytib kelmadilar”, deya xotirlaydi Sharof Rashidovning jiyani Odil Hamroqulov.

Nodavlat- notijorat ilmiy-ma'rifiy yodgorlik uy-muzeyidagi har bir buyum, turli surat va jihozlar Sharof Rashidovning oddiy muxbirlikdan tortib to davlat rahbari bo‘lgunga qadar bosib o‘tgan zahmatli va mashaqqatli hayotidan hikoya qiladi. Uning ijodxonasida o‘sha ijod ahli izlagan sokin va tinch muhitni his qilasiz, chiroyli husnixat bilan bitilgan qo‘lyozmalarda bir zum ham tinmaydigan rahbarning tig‘iz ish jarayonini sezasiz...

“Noyob” buyum topa olmadim

Yuragida buyuk dard – millat dardi bilan yashagan Sharof Rashidovning yodgorlik uy-muzeyida “noyob” buyum topa olmadim... U yerda oltin zanjirli soat yoki tilla suvi yuritilgan idishlarga ko‘zim tushmadi. Yurtni so‘rab turgan rahbarga bu buyumlar yarashmasmidi? Ko‘rganim bir dunyo kitob edi... Aslida ijodkor uchun kitobdan ortiq zebu zar, noyob narsa bor ekanmi? Sharof Rashidov umri davomida to‘plagani ziyo bo‘ldi.

“Bu yerda Sharof Rashidov shaxsan o‘zlari to‘plagan 7200 dona kitob bor. Turli mavzulardagi asarlarning har birida muallifning dastxati bor. Shunday og‘ir kunlarda ham bu kitoblarni asrab-avaylagan farzandlariga rahmat aytaman. Bu xalqimiz uchun juda katta boylik aslida. Bilasizmi, biz Sharof akaning tashrifini intiqib kutardik. Har gal kelganlarida barchamiz uchun vaqt topa olardilar. Ularning birinchi savollari “qanday kitob o‘qidingiz? Uning mazmunini aytib bering-chi? Asardagi salbiy va ijobiy qahramonlar kim?” kabi savollar bo‘lardi. Navbat bilan o‘qigan asarlarimizni hikoya qilish bizga ham zavq, ham shavq bag‘ishlardi. Ana shunday kitobsevar, mehridaryo, ziyoli inson edi Sharof Rashidov. Har birimizda kitobga bo‘lgan mehrni uyg‘ota bilgan ilk ustozimiz edi ular”, -deydi Odil Hamroqulov.

Diplomat, ijodkor, o‘zlik uchun kurashgan el farzandi Sharof Rashidovning uy-muzeyida uning chet ellik do‘stlari, hamfikrlari va buyuk shaxslar sovg‘a qilgan har bir buyum millatlar o‘rtasida do‘stlik va tinchlik uchun xizmat qilgandek tuyulaveradi. Muzey tashkilotchilarining ta'kidlashicha, bu yerda olimlarga ham bu mavzuda izlanish qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Mashaqqatli kunlar...

“Sharof Rashidov vafotlaridan keyingi kunlarni xotirlash men uchun og‘ir. O‘sha mash'um voqealardan so‘ng biz qarindoshlarni yoppasiga qamashdi. Hech bir sababsiz o‘n yetti kun qamoqxona yerto‘lasida qolib ketdik. Biz o‘sha kunlarni yengdik, ammo Sharof Rashidovning oilasiga juda qiyin bo‘ldi. Farzandlari hech qayerga ishga olinmadi. Yolg‘iz o‘g‘illari va rafiqalari Xursanoy aya yashab turgan uylaridan haydaldi. Oxir-oqibat ikki xonali uyda ijarada yashadilar. Bir kuni ulardan xabar olgani bordim. Meni kutib olgan Xursanoy aya hozir dedilar-u tashqariga chiqib ketdilar. Sekin oshxonaga chiqib, muzlatkichni ochdim.Ochdim-u hayratdan qotdim. Muzlatkichda bir shisha qatiq, bir shisha sut va yarim pachka sariyog‘dan boshqa hech qanday yegulik yo‘q edi. Ko‘zimga yosh keldi. Ikki dona nonni qo‘shnidan so‘rab olib chiqqan Xursanoy aya yozgan dasturxonga ham qaramasdan bozorga borib, qo‘limdagi bor pulga yegulik oldim. O‘shanda aya ko‘zlaridagi yoshni ko‘rib nahot inson qadri shunchalar toptalsa deya siqilgandim. Tasavvur qiling, o‘g‘illarini hech qayerga ishga olishmaydi, ayaning nafaqa pullarni ham qirqib tashlashdi... Inson uchun bundan ortiq xo‘rlik bormi? O‘zlari qay ahvolda-yu menga “kelmang Odiljon, bizni deb baloga qolasiz” deydilar”, - deb eslaydi Odil Hamroqulov.

Farzand ota –ona tanlamaydi 

Bu maqolani tayyorlashdan oldin Sayyora Sharofovna bilan telefon orqali suhbatlashdim. Taxminan besh daqiqalik suhbat, o‘sha dilbar ovoz menda chuqur hurmat hissini uyg‘otdi. Otaga munosib farzand bo‘lish ham har kimga emas. Yodgorlik uy-muzeyining tashkil topishida, Sharof Rashidovning shaxsiy buyumlari asrab-avaylanishida ularning xizmatlari beqiyos. Kechinmalarimni, his-hayajonlarimni Sayyora opaning quyidagi so‘zlari bilan yakunlamoqchiman:

“Nazarimda. otamdan katta bir uy meros qoldi. Unda asl o‘zbekona fazilatlar – fidoyilik, kamtarlik, halollik, pokizalik, shirinsuxanlik kamol topadi. Xalqimiz omon ekan, bu uyning chirog‘i hech qachon o‘chmaydi. Zero, el-yurtimiz xalq uchun o‘z hayotini, butun borlig‘ini baxshida qilgan farzandlarini hamisha boshiga ko‘taradi”.

Gulchehra Sharipova.

Mavzuga oid